14:49 / 26.05.2017
16363

Xitoyda barmoq izidan ham samaraliroq tizimdan foydalanilmoqda

Xitoyning tanib olish texnologiyalari bozorni tobora egallamoqda. U oilalarga yo‘qotilgan farzandlarni qaytarmoqda, undan hattoki KFC ovqatlanish tarmog‘ida taom tanlashda ham foydalanilmoqda.

 

Face++ yuzni tanib olish tizimi xitoylik sayohni skanerlamoqda. Baidu kompaniyasi fotosi

2017 yilning mayida Xitoyda yashovchi yigit Face++ yuzni tanib olish tizimi tufayli oradan 27 yil o‘tib o‘z oilasi bilan topishgan. Baidu korporatsiyasi bu tizimni turli ijtimoiy sohalarda ilgari surayotganiga bir yildan oshdi. Tizim jamoatchilik joylarida ishlatilmoqda, mijozlarning istagini tahlil qilish uchun reklama maqsadlarida foydalanilmoqda.

Garchi g‘arb davlatlari xizmatning yaratuvchilari foydalanuvchilarning shaxsiy muhitiga daxl qilishi mumkinligi borasida faol e'tiroz bildirib kelayotgan bo‘lsa-da, xitoylik IT-ekspertlarning fikricha, ushbu texnologiya mamlakat xavfsizligi uchun muhim element sanaladi.

 

Bir o‘g‘rilik tarixi

Olti yoshli Fu Guyni 1990 yilda, Xitoyning Chontsing shahridagi maktabdan qaytayotganida o‘g‘irlab ketishgan. Noma'lum kimsalar uni Tsyuychjou okrugiga keltirishgan va asrab olishga rozilik bergan ota-onasiga sotishgan. Uzoq yillar mobaynida bolakayning haqiqiy oilasi bilan bog‘lanishga imkoniyati bo‘lmagan.

Bunday fojyealar Xitoyda tez-tez ro‘y berib turadi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda yiliga 10 mingdan 70 minggacha bola o‘g‘irlanadi. Aksariyat hollarda ular asrab oluvchi oilalarga pullansa, qul yoki fohisha sifatida ham ishlatiladi.

Xitoyning oilalarni birlashtiruvchi eng mashhur jamoatchilik tashkiloti Baby Back Home (Baobeihuiji) deb ataladi. Sho‘rlik ota-onalar yoki o‘g‘irlangan bola u yerga surat jo‘natishadi, tashkilot esa qidiruv bilan shug‘ullanadi.

Jarayonni tezlashtirish maqsadida Baby Back Home yuzni tanib olish tizimidan foydalana boshlagan. Foydalanuvchi kerakli insonning yoki o‘zining fotosuratini kiritsa, tizim arxivdan ikkinchi tomon kiritgan, qidirilayotgan insonning o‘xshash fotosuratlarini chiqarib bergan. Dastlabki ikki hafta davomida xizmatni 20 ming marta gadjyetlarga yuklab olishgan, ikki bola esa ota-onasini topgan. Tizimning bitta juz'iy kamchiligi bor edi — u faqat bir xil yoshdagi kishilarning fotosuratlarini taqqoslay olardi.

 

Face++ yuz tanib olish xizmatining ish sxemasi.
Baidu fotosi

 

2009 yilda ulg‘aygan Fu Guy o‘zining 10 yoshdagi fotosuratini tashkilot ma'lumotlar bazasiga yuklaydi, biroq mos keluvchi rasm topilmaydi. 2017 yilning martiga kelib, Xitoyning eng yirik IT-kompaniyasi Baidu yuzni tanib olish tizimi Face++ ni Baby Back Home’ga yangi taklif etadi. Kompaniyaning so‘zlariga ishoniladigan bo‘lsa, u fotosuratlardagi mos kelishlarni 99,77 foiz ehtimollik bilan to‘g‘ri topadi. Tashkilot darhol yangi texnologiyaga rozilik beradi.

Bir necha oy ilgari Fu Guyning otasi uning 4 yoshdagi suratini tizimga yuklaydi. Baidu  sun'iy idroki bir insonning olti yil farqi bilan tushirilgan ikki fotosuratini to‘g‘ri taqqoslay oladi va buni otaga ma'lum qiladi. 2017 yil bahorida Fu Guyning ota-onasi nihoyat o‘g‘lini videoaloqada ko‘rishadi va u bilan uchrashishadi. DNK testi ham ularning qarindosh ekanligini tasdiqlab beradi.

Guy onasi bilan videoaloqa orqali suhbatlashmoqda.
Baidu
fotosi.

 

Bozorning miqyosi

So‘nggi bir necha yil ichida yuzni tanib olish texnologiyasi Xitoyda keng tarqalib, kuzatish tizimlarida o‘zining muqim o‘rniga ega bo‘ldi. Shuningdek, undan maishiy hayotda ham foydalanilmoqda: uning yordamida hisoblarga karta va naqd pulsiz ko‘rinishda to‘lov qilish mumkin, turli xizmatlardan avtorizatsiyadan o‘tish mumkin. Texnologiyaning rivojlanib borish fonida texnologiyaga oid nashrlar xizmat tez fursatlarda politsiya, bank, do‘konlar va transport infrastrukturasi ishini butkul o‘zgartirib yuborishini ta'kidlashmoqda.

Face++ — Xitoydagi yuzlarni tanib oluvchi mashhur dastur bo‘lib, uning qiymati milliard dollarga baholanmoqda. Egasining bosh ofisi Pekinda joylashgan. Inson bu binoga kirganida dastur avtomatik ravishda uning yuzini 83 ta turli pozitsiyadan skanerlab, so‘ngra ichkariga kiritadi.

«Baidu Face++’dan insonlarning hayotini yaxshilash maqsadida foydalanmoqchi. Yangi texnologiyalardan har doim u talab etilgan joylarda foydalana boshlanadi,  so‘ngra uning boshqa istiqbollari haqida o‘ylanadi va jamoatchilikka foydasi baholanadi», — deydi Baidu kompaniyasi vakili.

Yuzni tanib olish texnologiyasi Xitoyning bir necha mashhur ilovalarida muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Masalan, Alibaba xarid tizimiga qarashli Alipay to‘lov xizmatida xaridni tasdiqlash uchun foydalanuvchining yuzi skanerlanadi. Xitoyning yetakchi Didi taksi chaqirish xizmati ham yo‘lovchi buyurtmani tasdiqlashi va haydovchining professional darajasini baholashi uchun yuzni tanib olish texnologiyasidan foydalanmoqda.

 

Pekindagi texnologiyalar ko‘rgazmasida yuzni tanib olish xizmatini sinab ko‘rayotgan qiz.
China Group fotosi

Face++ mualliflarining fikricha, G‘arb davlatlaridagidan farqli o‘laroq, Xitoyda yuzni tanib olish texnologiyasiga katta ishonch bilan qarashmoqda. Mamlakatda hattoki fuqarolar fotosuratlarining markazlashtirilgan ma'lumotlar bazasi ham tashkil etilgan, undan politsiya kuzatuv kameralari yordamida gumonlanuvchilarni qidirishda foydalanadi. AQShda, masalan, bunday yirik ma'lumotlar bazasi yo‘q.

Kompyuter texnologiyasi sohasi mutaxassisi, Pekin universiteti dotsenti Chjang Shiliang Xitoyda yuzni tanib olish texnologiyasi bozori tobora kengayayotganini aytadi. Uning so‘zlariga qaraganda, Xitoy uchun aholi zich joylashgan bu davlatda xavfsizlikni qo‘shimcha ta'minlovchi tizimni rivojlantirish juda muhim.

 

Aeroport va hojatxonalardagi skanerlar

Pekindagi Samo Ibodatxonasi sayyohlik zonasida Face++ tizimidan jamoat hojatxonalaridan mahalliy aholi tomonidan hojatxona qog‘ozi o‘g‘irlanishiga qarshi kurashish uchun foydalaniladi. Qog‘oz solingan konteyner ham mo‘'jaz kamera bilan jihozlangan, u yuzni 30 soniya skanerlab, 60 sm uzunlikda qog‘oz chiqarib beradi. Yangi qog‘oz olish uchun 9 daqiqa kutish kerak. Xitoy hukumatining tasdiqlashicha, bunday qurilmalar o‘rnatilganidan uch kun o‘tgach, jamoat hojatxonalarida qog‘oz sarfi besh martaga qisqargan.

 

Pekindagi kamera bilan jihozlangan hojatxona qog‘ozi chiqarib beruvchi konteyner.
BBC fotosi

 

2016 yilning noyabridan boshlab yuzni tanib olish tizimi bilan Xitoyning turistik osori-atiqalar hududlari jihozlana boshlandi: Ularga kirish chog‘ida odamlar endi chipta yoki guvohnoma ko‘rsatishmaydi, shunchaki ularning yuzi skanerlanadi. Tizim mehmonxonalarda ham shu tariqa ishlaydi. Barmoq izidan foydalanish amaliyoti juda noqulay edi: skanerlar sekin ishlar, insonlardan iborat navbatlar hosil bo‘lar edi. Face++ tizimi undan karrasiga yaxshiroq ishlamoqda. Skanerlash mobaynida uskuna yuzning mimikalarini ham hisobga oladi, xullas kameraga fotosuratni taqdim etib, uni aldash mumkin emas.

Tayvan va Hongkong aeroportlarida ana shunday yuz skanerlaridan foydalanilmoqda. Tizim, agar biometrik pasporti bo‘lsa, 12 yoshdan katta insonlarning yuzini xotirasiga muhrlab qoladi. Bunday xizmatlardan ayni damda Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Singapur va AQShda foydalanilmoqda.

 

Universitetlardagi skanerlar

Sichuan universitetida o‘qituvchilardan biri o‘z ma'ruza darsida talabalarning reaksiyasini kuzatish uchun yuzni tanib olish texnologiyasidan foydalanib kelmoqda. Dastur har bir talabaning yuz ifodasiga ko‘ra, uning qiziqishining interaktiv grafigini quradi. Tizim muallifining so‘zlariga ko‘ra, u talabalarning mavzuga jalb qilinganlik darajasini aniqlashda ko‘maklashadi.

2017 yilning aprelida Pekin pedagogika universiteti qizlar yotoqxonasida begonalarning tashrifidan himoyalash maqsadida yuzni tanib olish texnologiyasini joriy qiladi. Agar texnologiya foydali, deb topilsa, uni yana o‘nta universitetda joriy qilishmoqchi.

Yotoqxonaga kirish uchun qizlar o‘z ism-familiyasini aytib, identifikatsion kartasini ko‘rsatib, skanerlanish uchun kameraga qarashlari kerak bo‘ladi. Agar kirishga ruxsat berilsa, tizim: «Uyga xush kelibsiz!» deydi. Yotoqxonadan chiqishda u qizlarga doimo go‘zal bo‘lib yurishlarini uqtiradi. Agar talaba qiz yotoqxonaga 24 soatdan ortiq vaqt ichida tashrif buyurmasa, tizim universitet rahbariyatini bundan xabardor qiladi.

Formal jihatdan texnologiya qayddan o‘tmagan insonga yotoqxonaga kirishni taqiqlay olmaydi — u eshiklarni yopib qo‘yishi yoki qoidabuzarni boshqa yo‘l bilan to‘xtatish imkoniyatidan mahrum. Lekin u yotoqxona bo‘sag‘asidagi har bir kishini suratga tushiradi, qoidabuzarlik ro‘y berganida suratini universitet qo‘riqchilariga jo‘natadi.

 

Kafedagi skanerlar

2017 yil yanvaridan Baidu kompaniyasi KFC tezkor ovqatlanish tarmog‘ining Pekindagi restoranlari bilan hamkorlik qilmoqda. Reklama ekranlariga joylashtirilgan yuzni tanib olish tizimi tashrifchining yoshi va kayfiyatiga qarab taom taklif qilishga o‘rgatilmoqda. Xizmat o‘rtacha statistik 20 yoshli yigitga qovurilgan kartoshka, go‘shtli gamburger, tovuq qanotchalari hamda gazlangan suv, 50 yoshli ayolga esa bo‘tqa va soya sutini taklif etishi mumkin.

KFC xodimi yuzni tanib olish tizimi ishini namoyish qilmoqda.
Emi
Houkins fotosi, The Guardian

 

Britaniyaning The Guardian nashri jurnalisti Emi Houkins tizim ishlashini sinab ko‘radi va tizim mijozning tashqi sifatlariga e'tibor bermasdan natija chiqarishi, xususan, ba'zan yoshni noto‘g‘ri aniqlashini tasdiqladi. Agar taklif qilingan buyurtma mijozni qoniqtirmasa, u boshqa variantni tanlashi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, texnologiya mijozga menyuning qisqartirilgan versiyasini taqdim etadi.

Tizim to‘ldirib borilmoqda, shu sababli hozircha afzalliklarni esda yaxshi saqlab qola olmayapti. Ayni paytda tashrifchilar qurilmadan kam foydalanmoqda va kassirlar oldida navbatda turishni afzal ko‘rishmoqda, biroq Baidu kelajakda ancha samarali texnologiyani ishga tushirishni mo‘ljallamoqda.

Insonlar tobora o‘zi shaxsiy hududiga daxl qilishlariga norozi bo‘lib borayotgan jamiyatda Face++’ning kelajagi qanday bo‘lishi noma'lum. 2017 yil 10 mayda Norvegiya poytaxti Oslo shahrida mahalliy pitssaxonalardan birida mijozning taomlar borasidagi didi haqida axborot to‘play boshlagan mana shunday xizmat tufayli mojaro kelib chiqqan.

Xitoyda ham ana shunday mojarolar kelib chiqishidan ogohlantirib, Baidu rahbariyati yig‘ilgan ma'lumotlardan mijozlarni kuzatuv ostiga olish emas, faqat kompaniya xizmati samaradorligini oshirish yo‘lida foydalanilishiga ishontirmoqchi bo‘layapti.

The Guardian jurnalistining ehtimolli kuzatuv haqidagi fikrlarini bilish uchun bergan savoliga javoban:  «Xitoyda baribir senda shaxsiy hayot bo‘lmaydi», — degan Pekindagi KFC restorani tashrifchisi.

Top