12:33 / 26.05.2017
7879

Hindistonda mamlakatdagi eng uzun ko‘prik ochildi

Foto: Twitter/PMOIndia

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi juma kuni shimoli-sharqiy Assam shtatida mamlakatdagi eng uzun ko‘prik "Dxola-Sadiya"ning ochilish marosimida ishtirok etdi. Ko‘prik hattoki tanklar o‘tishiga ham bardoshli.

Tadbir mahalliy televideniye orqali jonli efirda uzatildi. Modi va shtat bosh vaziri Sarbananda Sonoval korteji ko‘prik orqali o‘tdi, shundan so‘ng mamlakat bosh vaziri undan piyoda ham yurib o‘tgan.

"Dxola-Sadiya" ko‘prigining uzunligi 9,15 kilometrni tashkil qiladi, u avvalgi rekordchi - Mumbaydagi Rajiv Gandi ko‘prigidan 3,5 kilometrga uzunroq. Nomiga ko‘ra, ko‘prik Dxola aholi punkti va Sadiya shahrini bog‘laydi. 

Ko‘prik nafaqat Dxola va Sadiyani, balki shimoli-sharqiy Assam shtatini Arunachal-Pradesh shtati bilan ham birlashtiradi. 

Hindiston OAVning ta'kidlashicha, ko‘prikning ishga tushirilishi armiya uchun alohida ahamiyatga ega, sababi Assamdan Xitoy bilan chegaradosh bo‘lgan Arunachal-Pareshga piyoda askarlarni yuborish uchun ketadigan vaqt qisqaradi. 

Top