23:48 / 26.05.2017
7143

Shahzoda Uilyam cho‘kayotgan bolani qutqarishda ishtirok etdi

Buyuk Britaniya shahzodasi Uilyam 17 yoshli cho‘kayotgan o‘smirni qutqarish operatsiyasida ishtirok etdi, biroq operatsiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan va o‘smir cho‘kib ketgan. O‘smirning jasadi bir soatdan keyin topilgan, deb yozmoqda The Telegraph nashri.

Voqea 26 may kuni London yaqinidagi Li Velli bog‘idagi ko‘lda yuz bergan. O‘smir ko‘l o‘rtasidagi orolchaga suzib yetib olmoqchi bo‘lganda cho‘kib ketgan.

Favqulodda xizmatlarga ko‘lda o‘smir cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgandan keyin shahzoda Uilyam tez yordam vertolyotini boshqarib voqea joyiga yo‘l olgan. Ushbu holat tasvirlangan videoda shahzoda vertolyotni qo‘ndirgach, voqea joyiga shoshilgancha yo‘l olganini ko‘rish mumkin.

Guvohlarning aytishicha, voqea joyiga ikkita vertolyot kelgan, ulardan biri politsiyaga tegishli bo‘lgan.   

Ta'kidlanishicha, maydoni 40 kvadrat km ni tashkil qiladigan Li Velli bog‘ida cho‘milish taqiqlangan bo‘lgan.  

Buyuk Britaniya valiahd shahzodasi Uilyam 2008 yilda uchuvchi sertifikatini olgan. U so‘ngra qirollik harbiy-havo kuchlarining qidiruv-qutqaruv kuchlarida xizmat qilish uchun vertolyotda parvoz tayyorgarligidan o‘tgan. Uilyam 2011 yilda rossiyalik dengizchilarni cho‘kayotgan Swanland kemasidan qutqarish operatsiyasida ishtirok etgan. U Britaniya armiyasidan 2013 yilda ketib, fuqarolik uchuvchisiga qayta o‘qib, 2015 yilda Sharqiy Angliya sanitar aviatsiyasida ishlay boshlagan.

Top