18:48 / 26.05.2017
29993

Seriallar qarshisidagi o‘ylar...

Sandiqchadek keladigan texnika yaratilganida uni ilk bor mo‘'jizadek qabul qilishgan ekan. Televizor bugun ham odamlarga zavq ulashmoqda. O‘z o‘rnida ro‘zg‘orda qiziqarli ermakka aylangan. Oyinayi jahon vaqtimizni chog‘ etsa-da afsuski, o‘z o‘rnida tarbiyasizlik illatini ulashayotgan vosita bo‘lib qolayotir. So‘zimiz avvalidanoq anglagan bo‘lishingiz tayin. Biz maqolamiz orqali mazmunsiz qo‘shiq yoki klip, ko‘rsatuvlar haqida emas balki, teleseriallar mulohazasiga to‘xtalishni joiz topdik. Sababi bugungi seriallar oilaviy nizolar kelib chiqishiga ta'sir ko‘rsatayotgani kishini o‘ylantiradi.

Bundan o‘n olti yil ilgari milliy telekanalimizda “Ramayana” – hind eposi asosida ishlangan – serial namoyish etilganini hamyurtlarimiz yaxshi eslashadi. O‘sha vaqtda ko‘cha bolalar o‘rtasida serialning jang syujyetlariga taqlidan paykondan o‘q otish odati ko‘paygan edi. O‘yinqaroq bolalar shu odat tufayli hatto bir-birlarining ko‘zlariga shikast yetkazishgan. Doston qahramonlari Ram va Lakshman kabi afsonaviy siymolarga o‘xshashni istagan bolalarda serial ta'siri shu qadar kechgani rost. Bugungi bolalar ajnabiylar lavhasidan “jangchi”likni o‘rganmasada, ular tufayli o‘g‘il-qizlar ma'naviyatiga jiddiy putur yetmoqda. Uy bekalari ichida 6-8 tagacha teleseriallarni muntazam kuzatayotganlari bor. “Bolam doimo nazoratimda”, deb bilag‘onlik qilayotgan onalar yuragidan seriallar shunday mustahkam joy egallab olganki, har bir yumushning ustida voqealar rivojini qanday kechishini o‘ylab o‘tiradilar.

Yomg‘irdan keyin bodrab ketadigan qo‘ziqorin singari seriallarning yopirilib kelishi hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. So‘zimiz avvalida Hindiston seriallari haqida to‘xtaldik. Bugungi lavhalar oqimida ham shu millat teleasarlari yetib kelmoqda. “Senga oshiqman”, “Kelin”, “Qalbim o‘g‘risi”da aks etgan syujyetlar ham avvaliga tomoshabin uchun qiziqarlidek tuyulsada, voqealar oralig‘i juda cho‘zib yuborilgan. Serial ixlosmandlari hind xalqining bu seriallarida voqealarning keraksiz qismlari ko‘pligini ta'kidlashmoqda. Qahramonlar taqdirini ko‘pchilik yurtdoshlarimiz o‘ziga singdirishga ham urinmoqda. “Senga oshiqman” seriali namoyish etilayotgan kunlarda qashqadaryolik hamyurtimiz farzand ko‘rgan. Qizalog‘iga serialning bosh qahramoniga havas qilib Ishani ismini qo‘yibdi. Bu ham yetmaganidek qizaloqqa berilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomadagi bu qaydni internet tarmog‘iga joylashtiribdi. Serialning ta'siri maishiy hayotimizga shunchalar kirib borganiga ajablanasan kishi.

Yaqin o‘n yil ichida telekanallarimiz dasturidan bir qator horij seriallari o‘rin oldi. Qolaversa, bugungi tomoshabin intiq bo‘lgan lavhalarini soatlab kutib o‘tirish tashvishidan yiroqda. Hatto o‘zbek tiliga to‘lib tarjima bo‘lib ulgurmagan seriallar allaqachon kompakt disklar orqali muxlislar qo‘liga yetib bormoqda. Achinarlisi, bu seriallarni kattalar, uy bekalari va bolalar ham bemalol tomosha qiladi. Arzimas ko‘ringan bu holat go‘daklar tasavvurida ommaviy madaniyatga hayrihoxlikni shakllantirayotgani bilan fojialidir. Bola tarbiyasidan nolishga tushayotgan ota-onalarning aksariyati teleseriallar bu jarayondagi muhim omillardan biri bo‘layotganini ta'kidlamoqdalar. Darhaqiqat, ekrandagi qahramonlarga yaxshilab razm solinsa yurish-turishi, so‘zlashi va yashash tarzi bilan ommaviy madaniyat targ‘ibotchisiga o‘xshab ko‘rinadi. Bir mavsumda teleekranlarimizni Meksika va Braziliya seriallari “bosib” ketgandi. Dilingizni ranjitadigan darajada ochiq lavhalarni eslaylik. Ko‘rsang, eting jimirlab ketadigan behayo kadrlarni bolalar ham ko‘rishga odatlanib qolgandi. Ayniqsa, film qahramonlariga taqlidlar urfga kirdi.

Tarbiyamizga jiddiy ta'sir o‘tkazish kayfiyatidan yiroq bo‘lgan seriallar ham bor, albatta. Ayniqsa, odob-ahloqi, yashash tarzi, kattalarga hurmatini bizning an'analarimizga mengzash mumkin bo‘lgan ana shunday ko‘p qismli seriallarni xalqimiz yaxshi kutib oldi. Masalan, Janubiy Koreyaning “Saroy javohiri” teleserialini olaylik. Ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan bu tarixiy syujyet, avvalo, aktyorlarning mahoratli ijrosi bilan qiziq. Avvaliga pazanda, keyinroq tajribali va iqtidorli tabibga aylanib ketgan Tangem obrazida insonga xos ko‘p ezgu fazilatlar jam bo‘lgan. Bu qahramon timsolida rejissyor tomoshabinga har qanday vaziyatda sabr-qanoatni, jasoratni, izlanuvchan va kuchli bo‘lishni o‘rgatib boradi. Qolaversa, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashda hamisha ham yaxshilik tantana qilavermasligini, ammo yomonlikning javobsiz qolmasligini ravshan tarzda ko‘rsatib beradi. Serial tasvirga olish ishlari yakuniga yetmasdanoq Koreyada namoyish etish boshlangan. 1 million muxlis internet orqali rejissyorga bosh qahramonlardan biri beka Xanning serialda o‘lmasligini iltimos qilib murojaat qilishibdi. 15 dan ziyod mamlakatda serialning namoyish qilingani haqiqatan ham “Saroy javohiri”ning ustida ko‘p ter to‘kilganini anglatdi.

Afsuski, “tomoshabin zo‘r qabul qilyapti-ku”, degan jo‘n tushuncha bilan Koreyaning paydar-pay ishlangan tarixiy seriallari ekranlarimizdan tushmay qoldi. Biror tanishi bilan ko‘chada suhbatlashib turgan kishi ham serialning aniq vaqtini o‘tkazib yubormay, deb shoshadi. Navbatdagi lavhalarni ko‘rish uchun har qanday muhim ishning bahridan o‘tadi. “So‘nggi qirolicha”, “Dengiz hukmdori”, “Jumong”, “Shahzodaning qo‘shig‘i”, “Shamollar musavviri” va boshqa seriallarda g‘oyalarning bo‘sh jihatlari, haqiqatan yiroq ziddiyatlarning paydo bo‘lganini ilg‘ab olish oson.

Yaqinda koreyslarning yana yangi uslubdagi kartinalari paydo bo‘ldi. “O‘zga sayyoralik mahbubim”, “Dilozorim” seriallari misolida so‘zimizni ifodalaylik. Tarixiy haqiqatlarni kelajak tasavvurlari bilan uyg‘unlashtirish yengil-yelpi hayot tarzi tarafdori bo‘lganlar uchun juda qiziqdir, ehtimol. Biroq fantastika ham, haqiqat ham deb bo‘lmaydigan bunday lavhalar muxlislarning tezda joniga tega boshladi. Bu lavhalar ortida tijorat turganini ham tan olishga majburmiz. Mo‘may daromad ilinjida “yangicha” g‘oyalarni ekranlashtirayotgan ishbilarmonlar tomoshabin ma'naviyati bilan hisoblashishni unutib qo‘yyapti. Afsuski, buning evaziga qanchalab odamlar qimmatli vaqtini, tarbiyalanish fursatlarini boy bermoqda.

– Bugun haqiqatan ham turfa seriallar ichidan ko‘nglimizga yaqini tanlab tomosha qilyapmiz. Masalan, o‘zim ham Yaponiyaning “Oshin” serialini juda maroq bilan kuzatganman. Juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bu serialda inson hayotda hamisha iste'dodini yuzaga chiqarishga harakat qilib yashashi kerakligi haqida yorqin hikoya qilinadi. O‘z navbatida o‘zbek serillariga ham befarq emasman, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra'no Yarasheva. – Juda ham ibratli ishlarga qo‘l urildi keyingi vaqtlarda. O‘zim ham yaqindagina “Zurriyot” nomli serialda ishtirok etdim. Adashgan o‘g‘ilning onasini ijro etdim bu serialda. Oramizda bunaqa odamlar ko‘plab topiladi. Demoqchimanki, kadrlar hayotiy haqiqatlar asosida yaratilsa, muxlislar uchun shuncha qiziqarli bo‘ladi. To‘g‘ri, bizda tarixiy seriallar ham ko‘p ishlangan. Agar rejissiyorlarimiz navbatdagi teleseriallarda zamonamiz qahramonlarimini – jonkuyar shifokor yoxud murabbiylar – turli sohalarda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz hayotini ekranlashtirishsa, hammabop seriallar yaratilgan bo‘lardi. Chunki yurtimizda aynan ana shunday odamlar yashayapti. Milliy seriallarimiz reytingi ham nazarimda shunda yanada ko‘tarilgan bo‘lar edi.

San'atkor bilan suhbatimiz orasida biz sevimli o‘zbek seriallari haqida ham suhbatlashdik. Darhaqiqat, “Tutash taqdirlar”, “Qaytar dunyo”, “Mehmonjonlardan aylanay”, “Mehmonxona” teleseriallari maishiy mavzularni qamrab olgani bilan vatandoshlarimizni ekranga chorladi. Ular qayta-qayta namoyish etilayotgani ham shundan. Lekin yana odamlarning munosabatini kutib turgan boshqa muammolar, dolzarb mavzular kino va serialda yoritilsa  ahamiyatli bo‘lar edi. Aslida xalqimiz tarixi juda ko‘p bosqichlarni bosib o‘tgan. Ularni ko‘proq ekranlashtirilsa, aytaylik Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Abu  Ali ibn Sino, Nodirabegim, Uvaysiy, To‘maris va boshqa ajdodlarimiz haqidagi haqiqatlarni ham ana shu tarzda muhlislarga taqdim etilsa, bu avvalo, moziyni o‘rganishga ishtiyoqni orttirar edi. Buyuk siymolar haqidagi tasavvurlarimizni kengaytirar edi. Seriallarimizni birmuncha tahlil etib, milliy lavhalarimizda ham faqat maishiy xususiyatlarni aks ettirishga suyanib qolgandekmiz. Biror tarixiy siymo faqat ilmiy ish va arboblik bilan hayotini o‘tkazmagan-ku. Uning ham orzu va armonlari bo‘lgan. Tarixiy teleasarlarimizda aksincha shu jihatlar chetda qolib ketgandek. Shuning uchun ham ular tomoshabinni unchalik jalb qila olmayapti.

Ko‘tarilayotgan mavzu haqida har qancha gapirsak oz. Negaki, maqolamizda seriallarning aksariyat salbiy xususiyatlariga to‘xtaldik. Bizning niyatimiz ekrandagi lavhalar turmushimizning uzviy qismiga aylanib qolmasligi kerakligini uqtirish edi. Qolaversa, ma'naviyatimizning jilovini chetdan kirib kelayotgan unsurlarga tutqazishimiz qimmatli fursatlarimizni ham isrof qiladi. Shunday emasmi, qadrli gazetxon?..

Madaminjon SOLIJONOV

Mavzuga oid
Top