Avval xabar qilinganidek, 2017 yil 5 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2017/2018 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga qabul to'g'risida»gi qarorga imzo chekdi.

Ushbu qarorga binoan hamda mamlakatda yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o'zgartirishlar bo'yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalashning investitsiyaviy loyihalari, yo'l-transport hamda kommunikatsiya infratuzilmasi tahliliga muvofiq, 2017/2018 o'quv yili uchun oliy ta`lim muassasalariga o'qishga qabul bo'yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 66316 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo'yicha 18194 ta va to'lov-kontrakt asosida 48122 ta, magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo'yicha 1556 ta va to'lov-kontrakt asosida 3444 ta etib belgilandi.

Shuningdek, ushbu hujjatda maxsus sirtqi bo'lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta`minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo'limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo'yicha 15 ta va to'lov-kontrakt asosida 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida to'lov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yo'l muhandislari institutida to'lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavrni tayyorlash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ushbu qaror bilan 2017/2018 o'quv yilidan boshlab Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoj katta bo'lgan hududlar uchun O'zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta`lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo'nalishi bo'yicha mutaxassislarni tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari tasdiqlandi.

Lex.uz saytida O'zbekistondagi barcha oliy ta`lim muassasalarida yo'nalishlar bo'yicha belgilangan qabul kvotalari haqida ma`lumot berildi. Ushbu havola orqali bu yilgi qabul kvotalarini OTMlar bo'yicha kesimini hamda har bir mutaxassislik uchun ajratilgan kvotalar haqida bilib olish mumkin.