13:13 / 27.05.2017
15679

Baliqchilik tarmog‘i soliq organlari tasarrufiga o‘tishi mumkin

Foto: Norma.uz

QHTBT portalida Vazirlar Mahkamasining “Baliqchilik tarmog‘i faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun ochildi, deb yozadi Norma.uz.
 
Xususan, DSQ markaziy apparati tuzilmasida respublikada baliqchilik tarmog‘ini hamda unga bo‘ysunadigan Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda hududiy sektorlari mavjud Baliq ovlashni rivojlantirish boshqarmasini takomillashtirishga mas'ul bo‘lgan rais o‘rinbosari lavozimini tashkil etish taklif qilindi.

Uning asosiy vazifalari va vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

•  baliqchilik tarmog‘ining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
•  zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda baliq yetishtirishni ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatlash;
•  tadbirkorlik sub'yektlarini baliqchilik tarmog‘iga keng jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
•  baliq ovlash sohasida qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ta'minlash;
•  baliqni eksport qilish va qayta ishlashni ko‘paytirishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida ko‘mak berish;
•  baliqchilik xo‘jaliklari faoliyati monitoringini amalga oshirish;
•  baliqchilik tarmog‘ida soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar va preferensiyalar berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Ayrim imtiyozlar mazkur loyihaga kiritilgan (1.01.2023 yilgacha):

•  baliqchilik qafaslari va ularni butlovchi buyumlarni ishlab chiqaruvchilarni qafaslar va ularni butlovchi buyumlar ishlab chiqarish qismida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, QQS va mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun  YaST to‘lashdan ozod qilish taklif qilinmoqda;
•  “Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi direksiyasi” DUK (Vazirlar Mahkamasining 7.03.2017 yildagi 124-son qarori bilan tashkil etilgan) lichinka, baliq chavoqlari va tovar baliqlari ishlab chiqarish, baliq mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan, shuningdek tabiiy suv havzalarini ijaraga berishdan  olingan daromadlar qismida yagona yer solig‘i va YaST to‘lovidan ozod qilish taklif qilinmoqda.
 
Bundan tashqari, baliqchilik xo‘jaliklariga baliq ozuqalari mineral o‘g‘itlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali “O‘zdonmahsulot”  AK va “O‘zkimyosanoat” AJdan xarid qilishga ruxsat beriladi. Qafas qurilmalarini ishlab chiqarish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar va tartibga solinadigan narxlar asosida metall prokatlari va polietilen granula ajratiladi.
 
Loyiha muhokama bosqichida bo‘lib,  o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top