07:58 / 27.05.2017
6266

Filippindagi aksilterrorchilik operatsiyasida 50 dan ko‘proq odam halok bo‘ldi

Foto: AP

Filippinning Mindanao orolidagi Maravi shahrida harbiylar jangarilarga qarshi aksilterrorchilik operatsiyasi o‘tkazmoqdalar.

Armiya ko‘cha janglari olib bormoqda, buning oqibatida 40 dan ko‘proq odam halok bo‘ldi, ulardan 31 nafari terrorchilardir. Reuters axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, harbiylardan 11 kishi halok bo‘lgan. Hukumat kuchlari jangarilar bilan muzokaralar o‘tkazmoqchi emas. 

Bu orada dindorlar halok bo‘layotgani va ular garovga olingani ma'lum qilinmoqda. Yepiskop Edvin de la Penyaning aytishicha, Maravida jangarilar tomonidan asirga olingan ikki nafar katolik ruhoniysi va 15 nafar dindor hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvlarda "tirik qalqon" sifatida qo‘llanishlari mumkin.

Yepiskopning aytishicha, shaharda 10 nafar katolik o‘ldirilgan. Ularni ko‘chada to‘xtatib, oyoq-qo‘llarini bog‘lab, shahar tashqarisiga olib chiqib otib tashlashgan. "Bu qonxo‘r ekstremistlardir, biz ular nima istayotganlarini bilmaymiz. Taqdirimiz Tangri qo‘llarida", deb aytgan ruhoniy.  

Bir necha kun avval Maravi IShID bilan aloqador "Maute" terrorchilik guruhining 500 jangarisi tomondan bosib olingandi. Terrorchilar katolik cherkovga bostirib kirib,  yepiskop yordamchisi va dindorlarni qo‘lga olib, cherkovga o‘t qo‘yishgan. Jangarilar uylarda IShID bayroqlarini ilib chiqishgan, shuningdek ikkita maktabga o‘t qo‘yishgan va turmadan mahbuslarni qo‘yib yuborishgan. 200 ming kishilik shahar aholisining aksariyati shaharni tark etishga ulgurgan.   

Mamlakat prezidenti Rodrigo Duterte Mindanaoda harbiy holatni kiritishga ko‘rsatma bergan. Duterte jangarilar hujumi sababli Rossiyaga safarini muddatdan oldin tugatishiga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid
Top