12:26 / 27.05.2017
7473

G‘azo sektori: BMT gumanitar falokat haqida ogohlantirdi

Foto: Regnum

G‘azo sektorida gumanitar falokat yuz berishi mumkin, deb xabar berdi Der Spiegel.

Bu haqda BMTning Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus vakili Nikolay Mladenov Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida ma'lum qilgan.

Gap shundaki, G‘azo sektoriga taxminan 30 foiz elektr quvvatini yetkazib bergan elektrostansiya aprelda ishlashni to‘xtatdi, sababi Falastin va Xamas rahbariyati o‘rtasida soliq solinishi masalasida qarama-qarshilik bor edi.

Bugungi kunda G‘azo sektorida yashovchi falastinliklar bir kunda faqatgina to‘rt soat elektr quvvatidan foydalanishi mumkin.

Isroildan esa doimiy elektr quvvati oqimi kelmoqda (G‘azodagi barcha elektrning 60 foizi).

Biroq, Mladenovning so‘zlariga ko‘ra, Falastin hukumati Isroildan G‘azo uchun elektr quvvatini xarid qilishni cheklab qo‘yishi mumkin.

«Agarda bu ro‘y bersa, aholiga haqiqiy gumanitar falokat xavf soladi: odamlar elektr quvvatidan kuniga ikki soatdan ko‘p foydalana olmaydi», - deya ta'kidlab o‘tgan maxsus vakil. U Xavfsizlik Kengashi a'zolarini vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishga chaqirdi.

Top