08:06 / 28.05.2017
5088

British Airways’da kompyuter tizimi bilan bog‘liq muammolar sababi ma'lum qilindi

Foto: AP Photo / Gareth Fuller

British Airways kompaniyasining Londondagi Xitrou va Gatvik aeroportlaridan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan barcha parvozlarning bekor qilinishiga olib kelgan kompyuter tizimidagi nosozliklar elektr ta'minotidagi uzilishlar sabab yuzaga kelgan. Bu haqda aviakompaniyaning bosh direktori Aleks Kruz ma'lum qildi. 

27 may kuni aviakompaniya mahalliy vaqt bilan soat 18.00 dan boshlab va so‘ngra kun oxirigacha Londondagi ikki aeroportdan barcha parvozlarni bekor qildi. Ma'lum qilinishicha, shu sababli Xitrouda yuzlab yo‘lovchilar qolib ketgan. Londondagi reyslardan tashqari, britan aviakompaniyasining dunyoning boshqa shaharlaridagi reyslari ham bekor qilingan.  

"Bugun bizda kompyuter tizimining yirik nosozligi yuz berdi va u butun dunyo bo‘ylab operatsiyalarimizga jiddiy putur yetkazdi. Texniklarimiz jamoasi muammolarni hal qilish ustida tinmasdan ishlamoqda. Fikrimizcha, nosozlikka asosiy sabab elektr energiya uzatishdagi muammo bo‘ldi va bizda xakerlik hujumi amalga oshirilganini ko‘rsatuvchi biror dalil yo‘q", deb aytdi Kruz.

Kruz yetkazilgan noqulayliklar uchun kompaniya mijozlaridan uzr so‘radi va ularga sabr qilganlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Top