00:27 / 29.05.2017
4488

"SKA-Xabarovsk" Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi, "Arsenal" esa unda o‘rnini saqlab qoldi

"SKA-Xabarovsk" klubi 2016/17 yillardagi mavsum natijalariga ko‘ra Rossiyaning 2-raqamli futbol divizioni – Milliy futbol ligasida 4-o‘rinni egallab, Rossiyaning oliy divizionida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish uchun "Orenburg" klubi (Rossiya chempionatida 13-o‘rin) bilan bellashdi.   

Xabarovskda 25 mayda o‘tgan 1-uchrashuv 0:0 hisobida yakunlangandi. Orenburgda o‘tgan uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqtida ham 0:0 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida esa "SKA" futbolchilariga omad kulib boqdi: ular 5:3 hisobida g‘olib bo‘lib, premer-ligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Shu tariqa, "SKA-Xabarovsk" keyingi mavsumda Rossiya premer-ligasida, "Orenburg" esa bir pog‘ona quyi divizion – Milliy futbol ligasida ishtirok etadigan bo‘ldi. 

Premer-ligada 14-o‘rinni egallagan Tulaning "Arsenal" klubi esa Milliy futbol ligasida 3-o‘rinni egallagan "Yenisey" ustidan javob uchrashuvida 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, premer-ligadagi o‘rnini saqlab qoldi.

Uchrashuvdagi yagona to‘pni 29-daqiqada Igor Shevchenko kiritdi. 

Eslatib o‘tamiz, 1-uchrashuv "Yenisey"ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Biroq "Arsenal" mehmonda urilgan to‘p qoidasiga ko‘ra, keyingi mavsumda ham oliy divizionda ishtirok etadigan bo‘ldi. 

Top