Milliy teleradiokompaniya tarkibida tashkil etilgan yangi «O'zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanali qachondan ish boshlashi ma`lum bo'ldi.

«Kun.uz» manbasi ma`lumot berishicha, telekanal ochilishi uchun ramziy ma`noda 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni tanlangan.

Telekanalga Ozod Hamidxo'jayev direktor etib tasdiqlangan. U ko'p yillarda «O'zbekiston» telekanalida «Tahlilnoma» ko'rsatuvini olib borgan. Unga «Axborot» dasturida ishlab kelgan Rahim Mahkamov va Haydar Hasanov o'rinbosar etib tayinlangan.

Bundan oldinroq «Axborot», «Davr» va «Poytaxt» informatsion dasturlari yopilishi, barcha yangiliklar «O'zbekiston 24» telekanalida bo'lishi ma`lum qilingandi.

Milliy teleradiokompaniya tarkibida «O'zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanalini tashkil etish to'g'risidagi prezident qarori may oyi avvalida imzolangandi. 

Telekanal mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va sport sohalarida yuz berayotgan hodisalarni tezkorlik bilan yoritib boradi. Shuningdek, telekanal xorijda ham muxbirlik punktlariga ega bo'ladi.

Prezident qarori bilan «Diyor» telekanali va «Toshkent» radiokanali tugatilib, ularning chastotalari hamda shtat birliklari yangi kanal ixtiyoriga o'tgan.

«O'zbekiston 24» SD va HD formatlarida raqamli efir ijtimoiy paketiga kiritiladi. Uning HD formatidagi translyatsiyasi mamlakatda ushbu formatga to'liq o'tilgunga qadar parallel ravishda UzHD kanalida ham amalga oshiriladi.