09:16 / 30.05.2017
20403

Germaniya: AQSh jahon yetakchisi maqomidan mahrum bo‘ldi

Foto: Epp-Mare Kukemelk

Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatini tanqid qildi hamda Qo‘shma Shtatlar g‘arb dunyosining eng yetakchi davlati maqomini yo‘qotganini aytdi. Bu haqda Der Spiegel jurnali yozmoqda.

GFR TIV rahbari qochqinlar va migratsiya muammolari bo‘yicha davra stolida “AQSh g‘arb qadriyatlari hamjamiyatida yetakchi davlat sifatida o‘z maqomini yo‘qotganiga” ishora qildi va Oq uy siyosatiga qarshi kurashishga chaqirdi. Uning fikricha, Vashingtonning hozirgi siyosati dunyodagi vaziyatga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Gabrielning ta'kidlashicha, Tramp hukumat tepasiga kelgach, xalqaro arenadagi kuchlar muvozanati o‘zgardi. "G‘arb ancha kichiklashdi", - deya xulosa qildi u. Vazir shuningdek yangi ma'muriyatning migratsiya va iqlim o‘zgarishi bilan kurash masalalari bo‘yicha pozitsiyasini ham tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, Oq uyning bu sohalardagi tashabbuslari mavjud muammolarni battar chuqurlashtirmoqda.

Avvalroq GFR kansleri Angela Merkel Yevropa bundan buyon boshqalarga ishonib qola olmasligi, YeI davlatlari esa “taqdirni o‘z qo‘llariga olishi” darkorligi haqida ma'lum qilgandi. Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, London bilan do‘stona munosabatlarning saqlanib qolishi, hamda Fransiyaning yangi prezidenti Emmanuel Makron bilan to‘laqonli hamkorlik tarafdori ekan.

Nemis OAV Merkelning bunday izohlarini Italiyadagi G7 sammitida Germaniya va Amerika delegatsiyalarining muvaffaqiyatsiz muzokaralari va Brexit bilan bog‘lagan.

Top