14:25 / 30.05.2017
7390

Tojikiston sog‘liqni saqlash tizimida katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

Foto: Fotolia

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bugun respublika parlamentining har ikki palatasi tomonidan qabul qilingan va tasdiqlangan “Seysmik xavfsizlik to‘g‘risida”, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Sanoat sohasida davlat siyosati to‘g‘risida”, “Raqobatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, Sog‘liqni saqlash kodeksi va mamlakatning qator qonunlariga tuzatishlarni kiritishni imzoladi. Bu haqda mamlakat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tojikiston parlamenti quyi palatasi tomonidan 15 mart kuni qabul qilingan mamlakat tarixidagi ilk Sog‘liqni saqlash kodeksiga ko‘ra, tajribasiz yosh tibbiyot xodimlariga xususiy amaliyot bilan shug‘ullanish taqiqlandi.

Tojikiston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vaziri Nasim Olimzoda o‘shanda xalq deputatlari oldida chiqish qilar ekan, Kodeksni ishlab chiqish prezident Imomali Rahmonning topshirig‘iga ko‘ra 2013 yilda boshlanganini ta'kidlab o‘tdi.

Kodeks Tojikistonning avval qabul qilingan, sog‘liqni saqlash sohasini tartibga soluvchi 16 ta qonunini almashtiradi.  

Kodeks Tojikiston davlat, xususiy va xalq tibbiyoti faoliyatini tartibga soladi.

Qabul qilingan Kodeks normalariga muvofiq, yetarli tajribaga ega bo‘lmagan yosh tibbiyotchilar xususiy tibbiyot amaliyoti bilan shug‘ullanish huquqiga ega emas. 

O‘shanda vazir Tojikistonda bugungi kunda xususiy tibbiyot xizmatlarini 601 sub'yekt taqdim etishini ta'kidlab o‘tgandi.

Tojikiston parlamenti quyi palatasi spikeri Shukurjon Zuxurovning qayd etishicha, so‘nggi vaqtlarda Tojikistonga qimmatbaho tibbiyot asbob-uskunalari va texnikasi olib kirilgan, ularning bir qismi, mutaxassislar yetishmasligi tufayli shunchaki ishlatilmay turibdi.

Zuxurov yanvar boshida Tojikiston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vaziri etib tayinlangan Nasim Olimzodaga murojaat qilar ekan, shunday degandi: «Agarda sen vazirlikning o‘zida korrupsiyani yo‘qotsang, shifoxonalar, poliklinikalar, tug‘ruqxonalardagi korrupsiya ham yo‘qoladi».

Darvoqe, Kodeksda xalq tabobati borasida shunday ta'kidlanadi: «sehr-jodu va diniy marosimlar xalq tabobatining bir qismi deb tan olinmaydi».

Top