19:47 / 31.05.2017
5578

Andijonlik bolalar janubiy koreyalik shifokorlar ko‘rigidan o‘tdi

Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti Severance gospitali shifokorlari Andijon viloyatida bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi sohaga oid davlat dasturlari ijrosi doirasida bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish maqsadida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Masalan, Germaniyaning Friedensdorf International xalqaro tashkiloti, Janubiy Koreyaning Save the Children xalqaro fondi va boshqa muassasalar bilan o‘rnatilgan hamkorlik samarasida tug‘ma yurak nuqsoni, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari, teri kuyish asoratlari va boshqa xastaliklar bilan og‘rigan bir guruh bolalar bepul sog‘lomlashtirildi. 

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Koreya Respublikasining Yonsey universiteti “Severance” gospitali o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida bemor bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasalligi og‘ir deb topilgan bolalar jarrohlik amaliyoti yordamida davolandi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, janubiy koreyalik shifokorlar tomonidan 5 kun davomida tug‘ma yurak nuqsoni, terida kuyish asoratlari, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari, lab-tanglay xastaliklari bor bemorlar, asosan bolalar chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar yordamida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 35 bola yurtimiz shifokorlari bilan hamkorlikda plastik operatsiya qilingan. 

Tibbiy ko‘rik davomida xorijlik shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi, bir guruh bemorlarga bepul dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari tarqatildi. 

Top