20:31 / 31.05.2017
6662

Anqara Boku va Tehron bilan yangi temir yo‘l qurilishini muhokama qilmoqda

Turkiya transport, kemachilik va kommunikatsiyalar vaziri Axmet Arslon Kars-Igdir-Diluju-Naxchivan-Eron temir yo‘li qurilishi loyihasining muhimligini ta'kidlab o‘tdi. 

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida Turkiyaning sharqiy viloyatlaridagi ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini jahon bozoriga yetkazib bera oladilar. Bu haqda Arslon "Anadolu" axborot agentligiga ma'lum qildi

Uning aytishicha, ushbu temir yo‘l kattaroq loyiha – Boku-Tbilisi-Kars (BTK) temir yo‘l qurilishining bir qismi bo‘ladi. BTK yaqin orada foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

"Turkiyaning sharqiy viloyatlaridagi fermerlar mahsulotlarining bir qismi iste'molchiga yetib bormay, yaroqsiz holga keladi. Bu muammoni temir yo‘l tashishlari orqali hal qilish mumkin, bu Turkiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Qozog‘iston, Turkmaniston va Xitoyga yetkazishga imkon beradi", deb aytdi Arslon.

Turkiyaning g‘arbi va sharqini bog‘lovchi yo‘nalishdan tashqari, Naxchivanga va so‘ngra Eronga chiquvchi muqobil temir yo‘l liniyasidan foydalanish rejalashtirilmoqda. Bu esa turk mahsulotlarini nafaqat Eron bozoriga, balki Pokiston, Hindiston va Xitoy janubiga yetkazishga imkon beradi

"Turkiyaning eng g‘arbiy nuqtasi – Edirne viloyatidan chiqqan tarkib sharqiy Kars viloyatiga kelgach, Boku-Tbilisi-Kars liniyasi bo‘ylab Qozog‘iston, so‘ngra Xitoy shimoli tomon yo‘l olishi yoki Ozarboyjon, Eron, Pokiston, Hindiston va Xitoy janubi orqali o‘tuvchi liniyadan foydalanishi mumkin", deb ta'kidlab o‘tdi turk vaziri.  

Vazirning aytishicha, yangi temir yo‘l qurilishini Eron va Ozarboyjon ham qo‘llab-quvvatlamoqda. 

"Biz Boku va Tehron bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. Dastlabki chizmalar tayyor bo‘ldi. Xalqaro transport loyihalarini amalga oshirish tajribasining ko‘rsatishicha, loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun bir tomonning tayyor ekanligi yetarli emas. Tayyorlikni loyihaning barcha ishtirokchi tomonlari namoyish qilishi kerak,", deb aytdi Arslon.

BTK temir yo‘li loyihasining amalga oshirilishi 2008 yilda boshlangan. Liniyaning umumiy davomiyligi 826 km ni tashkil qiladi. Yo‘lakning to‘liq o‘tkazish qobiliyati yiliga 17 mln tonnani tashkil qiladi. Dastlabki bosqichda bu ko‘rsatkich yiliga bir mln yo‘lovchi va 6,5 mln tonna yuk atrofida bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top