15:10 / 31.05.2017
21504

Ekologiya haftaligi-2017: "Men tabiat bilan birgaman"

Bugun, 31 may kuni Xalqaro Press-klub (XPK)da "Ekologiya haftaligi-2017" ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. XPK sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘ktam O‘tayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi doimiy vakili v.b. Farid Karaxanov, Xalqaro Press-klub moderatori Sherzodxon Qudratxo‘jayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, qator vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlar hamda O‘zbekistonda akkreditatsiyalangan mahalliy va xalqaro OAV vakillari ishtirok etishdi.

BMT Bosh Assambleyasining 1972 yilgi rezolyutsiyasiga ko‘ra, 5 iyun kuni "Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni" nishonlanadi va bu xalqaro ekologik taqvimda alohida ahamiyat kasb etadi. Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunining 2017 yilgi shiori "Men tabiat bilan birgaman". 

Anjumanda O‘zbekiston BMTning atrof-muhitga oid umumjahon deklaratsiya, konvensiya va boshqa kelishuvlarni amalda qo‘llab kelayotgani hamda bugungi kunda tabiatni himoya qilish global siyosatida faol ishtirokchi hisoblanishi ta'kidlandi. 

Shuningdek atrof-muhit himoyasi dasturi, bioxilma-xillikni saqlab qolish, ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni ishlatishdan voz kechish, iqlim o‘zgarishidagi ilk tashabbuslarga oid strategik hujjatlar qabul qilingani va ularning ijrosi amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonning "Ekologiya nazorati to‘g‘risida"gi qonuni atrof-muhitni muhofaza qilish tashkiliy tizimini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Mazkur qonunga ko‘ra, tabiatni asrash tizimi va ekologik muammolarni yechishda fuqarolik jamiyati barcha qatnashchilarining faol ishtiroki uchun qonuniy asos mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bilan birga, nodavlat-notijorat tashkilotlarning sohadagi rolini hisobga olib, davlat buyurtmasi va grantlar asosida viloyatlardagi ekologik muhitni yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Top