09:12 / 31.05.2017
31026

Tramp: "Ishingiz bo‘lsa "qo‘limga" telefon qiling"

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp jahon yetakchilariga o‘z telefon raqamini berish bilan shug‘ullanmoqda. Bu ular u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishlari uchun qilinmoqda, deb xabar berdi Associated Press manbalarga asosan.

Biroq, ta'kidlanishicha, bu xatti-harakat diplomatik protokollarni buzadi. Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, Tramp o‘z telefon raqamini Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Meksika prezidenti Enrike Penya Neto, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga bergan.

Trampga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatidan esa hozircha Kanada bosh vaziri foydalandi, deb xabar beradi AP. Meksika va Kanada yetakchilari matbuot xizmati agentlikning bu boradagi murojaatiga javob bermaslikni ma'qul topgan. Xavfsizlik bo‘yicha ekspertlarning fikricha, AQSh prezidentining shaxsiy telefondagi suhbatlari boshqa davlat razvedkalari uchun yaxshi nishonga aylanishi mumkin. Bu holat Trampda maxsus xizmatlar tomonidan tasdiqlangan smartfon bor ekaniga qaramay ro‘y berishi ehtimolga yaqin.

Donald Tramp bunday diplomatik rasmiyatchilikka rioya etishda qiynalmoqda, sababi tadbirkorligi davomida mobil telefondan bemalol foydalanib kelgan, deb ta'kidlaydi AP.

Top