08:38 / 01.06.2017
9164

Xitoyda katta mojaroga sabab bo‘lgan kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi

Foto: Getty Images

Xitoyning kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi yangi qonuni payshanba kuni kuchga kirdi. U bu sohadagi ko‘plab muammoli masalalarni qamrab oladi, shuningdek, qonunbuzarlar uchun yirik jarimalarni nazarda tutgan.

Qonun 79 moddadan iborat bo‘lib, ular oltita bo‘lim va bitta qo‘shimcha ilovaga ajratilgan. Hujjat Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi Doimiy qo‘mitasi sessiyasida ma'qullangandan so‘ng, keng ommaga tanishish uchun e'lon qilingandi. 

Hujjatga ko‘ra, Xitoy hukumati xavfsiz, ochiq, qonuniylashtirilgan kibermakon uchun harakat qiladi, u birinchi navbatda, tinch bo‘lishi kerak. Alohida ta'kidlanishicha, kibermakonning xavfsizligi va suverenitetini xuddi davlatning jismoniy chegaralari kabi qat'iy himoya qilish darkor.

Xitoy mamlakatning asosiy axborot infratuzilmasi xavfsizligini to‘liq ta'minlash va kiberterrorizm, firibgarlik hamda internetdagi boshqa jinoyatlar bilan faol kurashish niyatida.

"Davlat kibermakondagi xavfsizlikka tahdidlar haqida ogohlantiradi, kerakli choralarni ko‘radi va kuzatib boradi, shuningdek, u Xitoy va tashqaridan keluvchi tahdidlarni yo‘q qiladi", - deyiladi qonun matnida.

Qonunda ko‘rsatilishicha, hukumat idoralari aholiga kiberxavfsizlik sohasida ixtisoslashtirishgan ta'lim berishni ham tashkillashtiradi. 

Yangi qoidalar tarmoq operatorlari faoliyatiga ayniqsa tegishli. Ular, 21-moddaga ko‘ra, xavfsizlikni boshqarishning ko‘p darajali tizimini ishlab chiqishlari lozim, shuningdek, tarmoq hujumlari va kompyuter viruslaridan zarar ko‘rmaslik bo‘yicha texnik chora-tadbirlarni ko‘rishlari darkor. 

Bundan tashqari, provayderlar o‘z dasturlariga zararli mahsulotlarni joylashtirish huquqiga ega emas, agarda bu holat ro‘y bersa, tegishli idoralarga darhol xabar berish so‘ralgan. Agarda tarmoq mahsuloti shaxsiy ma'lumotlarni yig‘sa, operator bu haqda foydalanuvchini xabardor etishi va uning roziligi olishi kerak.

Tarmoq operatorlari internetga ulanish bo‘yicha xizmatni ko‘rsatish chog‘ida foydalanuvchilarning haqiqiy ma'lumotlarini olishlari darkor va foydalanuvchi haqiqiy ma'lumotni bermasa, provayder bilan shartnoma imzolashi mumkin emas. Shu tariqa, foydalanuvchilarning anonimligiga barham beriladi.

Shuningdek, yangi qonunga ko‘ra, tarmoq operatorlari istalgan shaxsiy ma'lumotni yig‘ish va foydalanishda amaldagi qonunchilikka rioya etishlari lozim. Provayderlar uchinchi shaxslarga foydalanuvchining roziligisiz shaxsiy ma'lumotini berishi, o‘zgartirishi yoki yo‘q qilishi mumkin emas. 

Yuqorida ko‘rsatilgan bandlarni buzganlik uchun 1,5 mingdan 150 ming dollargacha miqdorda jarima nazarda tutilgan. Bunda kiberjinoyatning darajasiga qaraladi, shu bilan birga, noqonuniy yo‘l bilan topilgan barcha daromad davlat tomonidan olib qo‘yiladi. 

75-moddaga ko‘ra, hukumat xorijiy tashkilotlar, muassasalar va jismoniy shaxslarni hujumni tashkillashtirish va amalga oshirish, buzib kirish, Xitoy davlat axborot tuzilmasiga zarar yetkazishda gumon qilsa, ularning mol-mulki muzlatiladi va boshqa kerakli sanksiyalar kiritiladi.

Ushbu hujjat e'lon qilingach, g‘arb OAVda bir qator xavotirli xabarlar paydo bo‘ldi. Xususan, Kremniy vodiysidagi texnokompaniyalar bu qonun Xitoyning ichki IT-sektorini himoya qilishga yo‘naltirilgani borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yangi qoidalar xitoylik xaridorlarni xorijiy mahsulotni sotib olishdan qaytarishi mumkin.

XXR kibermakon bo‘yicha boshqarmasining ma'lum qilishicha esa, qonun xorijiy kompaniyalarni Xitoy bozoriga kirishini yoki axborot oqimini kamaytirishni maqsad qilmagan. Uning bayonotiga ko‘ra, "Xitoy o‘z kibermakoni suverenitetini xalqaro tajriba asosida tartibga solish uchun qonun va qoidalar qabul qilishga to‘la huquqli".

Yangi qonunga ko‘ra, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan barcha internet-mahsulotlar va servislar xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkaziladi. U mahsulot yoki servis xavfsiz va kerakli tarzda boshqarilayotganini tasdiqlashi lozim. 

Yangi qonun ilk kunlardanoq “qarama-qarshi”, deya ataldi, sababi u bir tomondan shaxsiy ma'lumotlarni xakerlik hujumlaridan himoya qilishga haqiqatdan ham yo‘naltirilgan bo‘lsa, boshqa tomondan yangi choralar Xitoy hukumatiga axborot olish, uni tarqatish va nazorat qilishga ko‘proq sharoit yaratib beradi.

Amnesty International huquq himoyasi tashkiloti bayonot bilan chiqib, "Xitoy hukumati kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi yangi qonunni darhol bekor qilishi lozimligi, u hukumatga fikrni bildirish erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi huquqiga cheklov kiritish bo‘yicha kart-blansh berishini" ma'lum qildi.

Top