14:45 / 01.06.2017
6615

Qirg‘izistonda prezident saylovlari 15 oktabrga ko‘chirildi

Foto: KazInfo Today

Nomzodlarning mamlakatning oliy lavozimi uchun saylanish garovini 10 martaga oshirish ham ko‘zda tutilgan, deb yozadi Regnum.ru.

Qirg‘iziston parlamenti uchinchi (so‘nggi) o‘qishda mamlakat qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni qabul qildi. Unga ko‘ra, mamlakat prezidentligiga saylovlar 19 noyabrdan 15 oktabrga ko‘chiriladigan bo‘ldi. Bu haqda 31 may kuni Parlament matbuot xizmati xabar qilgan.

Saylovlarning oldinga ko‘chirilishi uchun parlament majlisida qatnashgan 115 deputatdan 106 nafari yoqlab ovoz bergan. Kiritilgan o‘zgartirishlar yakuniy qabul qilinishi uchun uni davlatning amaldagi rahbari Almazbek Atambayev imzolashi kerak.

Shuningdek, qonun loyihasida Qirg‘iziston prezidentligi uchun nomzodlar uchun garov qiymatini 10 barobarga oshirish — 100 ming qirg‘iz so‘midan 1 million qirg‘iz so‘miga ko‘tarish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, hujjat 2020 yildan boshlab parlament deputatlari saylovlarida partiyalarga parlamentga o‘tish uchun saylov bo‘sag‘asini 7 foizdan 9 foizgacha ko‘tarishni ham nazarda tutadi. Bu punkt parlament a'zolari orasida eng ko‘p bahsni keltirib chiqardi. Ayrimlarning fikricha, «bu yangi siyosiy kuchlar va yosh yetakchilarning shakllanishi uchun to‘siq bo‘lib xizmat qilishi mumkin».

REGNUM AAning eslatishicha, Qirg‘iziston davlat rahbari saylovlari avvaliga 2017 yil 19 noyabrga belgilangan edi. Prezidentlik lavozimi uchun qudratdagi Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasidan amaldagi bosh vazir Sooronbay Jeenbekov, sobiq bosh vazir va «Aq Shumqar» partiyasi yetakchisi Temir Sariyev, sobiq favqulodda holatlar vaziri va «Onuguu-Progress» partiyasi yetakchisi Bakit Torobayev, Qirg‘iziston vazirlar mahkamasining sobiq rahbari va «Respublika — Ata-Jurt» fraksiyasi rahbari Omurbek Babanov, shuningdek, korrupsiya va tovlamachilik uchun jinoiy ish doirasida hibsda saqlanayotgan «Ata Meken» partiyasi yetakchisi Omurbek Tekebayev kabi nomzodlar kurashishadi.

Top