22:20 / 01.06.2017
4295

Tramp Isroildagi elchixonaning Al-Qudsga ko‘chirilishini keyinga qoldirdi

Foto: EPA/SHAWN THEW

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShning Isroildagi elchixonasining Tel-Avivdan Al-Qudgsa ko‘chirilishini navbatdagi marta keyingi qoldirdi. Bu haqda Tramp tomondan davlat kotibi Reks Tillersonga yo‘llangan memorandumda aytilgan.

Tramp hujjatda o‘z qarorini "AQSh milliy xavfsizligi manfaatlarini" himoya qilish zarurligi bilan tushuntirgan. Tramp Tillersondan qabul qilingan qaror haqida AQSh kongressini xabardor qilishni so‘ragan. Oq uy matbuot xizmatida ta'kidlanishicha, Trampning bu qaroriga qaramay, "bu qadam Trampning Isroilni va AQSh-Isroil alyansini qat'iy qo‘llab-quvvatlash qaroridan voz kechishini" anglatmaydi.

"Prezident Tramp bu qarorni AQShning milliy xavfsizligi manfaatlarini himoya qilish borasidagi muqaddas burchini bajargan holda, Isroil va Falastin o‘rtasidagi muzokaralarni muvaffaqiyatli o‘tkazish imkoniyatlarini maksimallashtirish sababli qabul qildi", deb ta'kidlandi Oq uyda. 

AQShning elchixonasini Al-Qudsga ko‘chirish haqidagi qonun 1995 yilda ma'qullangan. Biroq, Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan qadamlardan qochish maqsadida, o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Bill Klinton o‘z vakolatlaridan foydalanib, qonunning tatbiq qilinishini qoldirib kelgan.

Shunday siyosatni keyingi prezidentlar Kichik Jorj Bush va Barak Obama ham yurgazganlar.

Biroq Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasida elchixonaning ko‘chirilishini faol qo‘llab-quvvatlagan. 

Al-Quds maqomi Falastin-Isroil ixtilofidagi bosh muammolardan biri sanaladi. Isroilliklar shaharning sharqiy qismini 1967 yildagi urushda bosib olishgan. Ular Al-Quds Isroilning "yagona va ajralmas" poytaxti deb hisoblab kelishadi. Falastinliklar esa shaharning bosib olingan sharqiy qismini o‘z davlatlari poytaxti qilishni istaydilar.

Top