20:38 / 02.06.2017
8999

Amerikalik kongressmen global isish haqida Tangri g‘amxo‘rlik qilishini aytdi

Foto Wikimedia Commons.

AQSh kongressida Michigan shtatidan Respublikachilar partiyasini bildiruvchi Tim Uolberg agar global isish haqiqatan ham jiddiy muammo bo‘lsa, unda u haqda Tangri taolo g‘amxo‘rlik qilishini aytdi.

Kongressmen bu haqda 26 may kuni Kolduoter shahrida saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tgan, deb xabar bermoqda Time nashri.

"Men iqlim o‘zgarayotganiga ishonaman. Iqlim o‘zgarishi azaldan yuz berib kelishiga ishonaman. Bunga odam ta'sir qiladi, deb o‘ylaymanmi? Ha, shunday deb o‘ylayman. Inson butun koinotni o‘zgartira oladimi? Yo‘q. Nima uchun men shunday deb o‘ylayman? Nasroniy sifatida men Tangri yaratuvchi, bizdan ancha qudratliroq ekanligiga ishonaman. Men ishonamanki, agar muammolar bo‘lsa, Tangri ular borasida g‘amxo‘rlik qiladi", deb aytgan Uolberg. 

Kongressmen shu so‘zlaridan keyin odamlarning norozi hayqiriqlarini eshitib, hammaning ham o‘z fikriga qo‘shilishini kutmasligini aytdi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp AQShning iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishi bo‘yicha qaror qabul qildi. Trampning fikricha, bu kelishuv AQSh iqtisodiyotiga ziyon yetkazadi va ish o‘rinlari qisqarishiga olib keladi.

Ushbu kelishuv 2016 yilda Kioto bayonnomasi o‘rniga kelgan va 2020 yildan boshlab atrof-muhitga karbonat angidrid gazini chiqarishni kamaytirish bo‘yicha choralarni ko‘rishga chorlaydi. Kelishuvga ko‘ra, AQSh 2025 yilgacha atmosferaga chiqaruvchi issiqxona gazlari hajmini 26-28 foizga kamaytirishi kerak edi. 

Mavzuga oid
Top