O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni e`lon qilindi.

Mustaqillik yillarida O'zbekistonda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular sodir bo'lganida harakat qilish bo'yicha yaxlit davlat tizimi va uning muvofiqlashtiruvchi organi O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etildi, sohaning zarur me`yoriy-huquqiy bazasi shakllantirildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralarning favqulodda vaziyatlar profilaktikasi, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha imkoniyatlarini mustahkamlash borasida ko'lami va mazmuniga ko'ra salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasida ko'rilayotgan choralar tizimi faoliyati samaradorligining tahlili shuni ko'rsatadiki, respublika aholisi va hududlarini muhofaza qilish sohasida bir qator muammoli masalalar mavjud:

birinchidan – tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlar xavfsizligini ta`minlashni prognozlash, xavfni baholash, kuzatish va nazoratini amalga oshirish masalalari bilan shug'ullanuvchi bir qator ixtisoslashtirilgan muassasalar faoliyat yuritayotgan bo'lishiga qaramasdan, favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlashning ta`sirchan tizimi yaratilmagan, buning oqibatida zilzilalar, xavfli gidrometeorologik hodisalar, ekzogen geologik jarayonlar, texnogen xususiyatli avariya va halokatlarning tahdidini har tomonlama tahlil qilish, ularning yuz berish xavfini aniqlash to'liq amalga oshirilmayapti;

ikkinchidan – O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining amaldagi tashkiliy-shtat birligi va shaxsiy tarkibining kamligi favqulodda vaziyatlar profilaktikasi va ularning oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish bo'yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarni keng ko'lamli va samarali amalga oshirishni ta`minlamayapti;

uchinchidan – ayrim shahar va tumanlarda quyi bo'g'in mavjud emasligi va rivojlanmagani favqulodda vaziyatlar bo'limlari tomonidan profilaktik chora-tadbirlarni mamlakatimizda tizimli ravishda amalga oshirishga imkon bermayapti, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda yuzaga keladigan muammolarni hal etish borasida aholi bilan keng qamrovli muloqot olib borish hamda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan samarali hamkorlik qilishni ta`minlamayapti;

to'rtinchidan – O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining professional qutqaruv otryadlari ma`muriy markazlarda joylashgani olis tumanlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ular sodir bo'lganda qutqaruv otryadlarining jalb etilishida muayyan qiyinchiliklar tug'dirib, ularni faqat favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlarigagina jalb etish bilan cheklaniladi;

beshinchidan – hududlarda favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish, prognozlash, oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish masalalariga jalb etilishi lozim bo'lgan boshqaruv organlari, kuch va vositalarni muvofiqlashtiruvchi ta`sirchan mexanizmlar mavjud emas;

oltinchidan – O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuzilmalarini zamonaviy avariya-qutqaruv texnikalari, asbob-uskunalari, anjomlari va aloqa vositalari bilan ta`minlash darajasi qoniqarsizligicha qolmoqda;

yettinchidan – aholi va hududlarni tabiiy ofatlar va texnogen avariyalar xavfidan muhofaza qilish bo'yicha muammolarni hal qilishda respublikaning ilmiy-tadqiqot salohiyatidan amalda to'liq foydalanilmayapti;

sakkizinchidan – favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash, ularning xavfi to'g'risida aholini xabardor qilish va ogohlantirish, shuningdek, qutqaruv ishlarini olib borishga jalb etilishi lozim bo'lgan kuch va vositalarni muvofiqlashtirish va boshqarish ishlariga zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etish ishlari sust olib borilmoqda;

to'qqizinchidan – aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi, kelgusida ushbu sohada ishlovchi professional kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi mavjud emas.

2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

Quyidagilar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishning eng muhim yo'nalishlari hisoblanadi:

O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini favqulodda vaziyatlar tahdidi va xavfini oldindan bartaraf etadigan, aholi hayoti va sog'lig'iga xavf tug'ilganda o'z vaqtida va kompleks yordam ko'rsatishga qaratilgan faoliyat olib boradigan, uning har bir xodimi “O'z vaqtida ogohlantirish, qutqarish va yordam berish” shiori ostida xizmat qiladigan mobil, zamonaviy professional xizmatga aylantirish;

aholi, birinchi navbatda, voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan muloqotlarni mustahkamlash va kengaytirish, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida o'zaro hamkorlikni ta`minlash;

O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuzilmasini takomillashtirish, aholi va hududlar xavfsizligiga tahdidlar, tabiiy va texnogen xususiyatli xavflar manbalari mavjudligini hisobga olgan holda, tuman va shaharlardagi kuch va vositalarni samarali taqsimlash, aholi hayoti va sog'lig'iga xavf tug'ilganda o'z vaqtida va sifatli yordam ko'rsatuvchi turli xizmatlarning tezkor harakatini muvofiqlashtiruvchi mexanizmlarni yaratish;

favqulodda vaziyatlar sodir bo'lishi xavfining chuqur tahlilini va aniqlashni nazarda tutuvchi favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash tizimini takomillashtirish, respublika hududlarini seysmik xavflar, texnogen avariya va halokatlar manbalari bo'yicha rayonlashtirish;

fuqarolarning hayoti va sog'ligi, mol-mulkiga xavflarni barvaqt profilaktika qilish va ularning oldini olish, hayotiy faoliyatni ta`minlovchi ob`yektlar va tizimlarning barqaror ishlashini, tahdidlar va ularning kelib chiqish omillarini oldindan aniqlash, bartaraf etish borasida aniq choralar ko'rish, aholining ushbu sohada ma`lumotlarga ega bo'lish darajasini oshirishni ta`minlash;

Katta va alohida muhim suv xo'jaligi ob`yektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, shuningdek, kichik hajmli kemalarni ekspluatatsiya qilish bilan bog'liq favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish va suv havzalarida odamlar xavfsizligini ta`minlash maqsadida davlat nazorati va kuzatuvini kuchaytirish;

aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish vakolatiga ega rahbarlar va mansabdor shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda fuqarolarni favqulodda vaziyatlar sodir bo'lganda harakat qilishga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish;

O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarini favqulodda vaziyatlarga tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish, shuningdek, vazirlik uchun kadrlarni shakllantirish tartibini tubdan qayta ko'rib chiqish;

O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, gidrometeorologik va seysmologik xizmatlarning moddiy-texnik ta`minotini yanada yaxshilash, o'quv va ilmiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, ilmiy xodimlar, mutaxassislar va qutqaruvchilarning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlar yaratish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini tashkil qilish va amalga oshirishning barcha bosqichlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli va ilmiy-tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, ular yuz berganda iqtisodiyot ob`yektlari faoliyati barqarorligini oshirish.