17:06 / 03.06.2017
13811

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Dushanbega parvozlarni kamaytirdi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Tojikiston poytaxtiga parvozlarni qisqartirdi. Endilikda, Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftada bir marta – seshanba kunlari amalga oshiriladi. Aviachiptalar narxi 140 dollar qiymatida qoldirilgan. Bu haqda Aziya Plyus agentligi xabar qilmoqda.

Avvalroq, “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi haftasiga ikki marta – seshanba va juma kunlari Dushanbega parvozlarni amalga oshirayotgan edi. 

“O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Dushanbedagi vakolatxonasining 3 iyun kuni ma'lum qilishicha, parvozlarni qisqartirish siyosiy mazmunga ega emas, aksincha yo‘lovchilarning kamligi bilan bog‘liq. 

Dushanbe xalqaro aeroporti matbuot kotibi Jamila Husaynova ham parvozlar oralig‘i qisqarganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularga “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning rasmiy maktubi kelib tushgan. Maktubda Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni qisqartirish to‘g‘risidagi qaror haqida hamda yo‘lovchilar kamligi sababli parvozlar iqtisodiy jihatdan zararli bo‘lgani ma'lum qilingan.  

Jamila Husaynovaga ko‘ra, bir parvoz uchun 17tadan 30tagacha chiptalar xarid qilingan. Ayrim yo‘lovchilar 1200 somoni (140 dollarga yaqin) bo‘lgan chiptalarni xarid qilish ularga qiyinchilik tug‘dirgan. Toshkentdan birinchi doimiy parvoz 11 aprel kuni amalga oshirilgan edi. So‘nggi 25 yil ichida birinchi marta «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK samolyoti Dushanbe aeroportiga qo‘ngan edi. 

Mavzuga oid
Top