16:30 / 04.06.2017
4810

Tramp Venesuela neft sektoriga qarshi yangi sanksiyalar kiritmoqchi

Foto: Getty Images

Donald Tramp ma'muriyati Venesuela neft sektoriga qarshi yangi sanksiyalar kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqida Reuters Oq uydagi manbalariga asoslanib xabar berdi

Manbaga ko‘ra, Donald Trampning yordamchilariga Karakasga qarshi yangi sohaviy sanksiyalar kiritish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi topshirilgan. Taxminiy sanksiyalar Venesuelaning neft sektoriga yo‘naltirilishi kutilmoqda. Ularning maqsadi PDVSA davlat neft-gaz kompaniyasi ekani aytilmoqda. 

Oq uyning bunday rejalariga Venesuela hukumati amaldorlar iste'fosini talab qiluvchi muxolifat namoyishlarini bostirish uchun qo‘llayotgan qat'iy choralari sabab bo‘lmoqda. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, namoyishchilarning xavfsizlik xizmati xodimlari bilan to‘qnashuvlari natijasida taxminan 60 kishi halok bo‘lgan. 

Shu bilan birga manbada ta'kidlanishicha, yangi sanksiyalar kiritish masalasida ehtiyotkorlikka amal qilinmoqda, zero Oq uy Venesueladagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada yomonlashuvidan xavfsiramoqda. Neft sektoriga qarshi sanksiyalar mamlakatning shusiz ham og‘ir ahvoldagi  iqtisodiyotiga berilgan navbatdagi zarba bo‘lishi mumkin.

Top