17:00 / 05.06.2017
100170

Bosh prokuror Ibrohimov ishini shaxsan nazorat qilmoqda, gumonlanuvchi qamoqqa olindi

Toshkent shahridagi  Borovskiy tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasur Ibrohimovning o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev tomonidan shaxsan nazoratga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma'lum qilgan.

Avval xabar qilinganidek, 3 may kuni P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji 2-bosqich talabasi, 1999 yilda tug‘ilgan Ibroximov Jasurbek Maxammadjon o‘g‘li tan jarohati olib, Toshkent shahar 2-son bolalar jarrohlik shifoxonasiga yotqizilgan va olgan tan jarohatlari natijasida 1 iyun kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan.

Holat yuzasidan Mirobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Xabarda aytilishicha, 4 iyun kuni jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga qabul qilingan. To‘plangan dalillar majmui asosida Islombek To‘laganov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan va unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ayni vaqtda jinoyatga aloqador shaxslar doirasini aniqlash yuzasidan tegishli tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top