18:10 / 05.06.2017
20613

Ekspert: Qatar AQSh yoki Rossiyaga murojaat qilishi kerak

Foto: RIA "Novosti"

Qatar arab davlatlari bilan diplomatik munosabatlar uzilishi bilan bog‘liq muammoni hal etishda vositachilik qilishni so‘rab, AQSh yoki Rossiya davlatlaridan biriga murojaat qilishi lozim. Saudiyalik strategik tahlilchi Anvar Ashki RIA "Novosti"ga shunday fikrni bildirdi. 

Dushanba, 5 iyun kuni Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Qatar bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e'lon qildi. Shu bilan mazkur davlatga dengiz va aviaqatnovlar bekor qilindi. Bunga sabab sifatida rasmiy Doxaning terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlayotgani ko‘rsatilmoqda. Keyinroq, bu davlatlar safiga Yaman va Liviya ham qo‘shildi. 

"Qatar hukumatining ikki yo‘li bor. Qatar vositachilik qilishni so‘rab, AQShga yoki Rossiyaga murojaat qilishi, ulardan biri arab mamlakatlari va Fors ko‘rfazi davlatlariga Qatarning terrorizmni qo‘llab-quvvatlamasligi bo‘yicha kafolat beradi. O‘ylashimcha, arab va Islom mamlakatlari ushbu ikki buyuk davlatlarning birortasi taklif qilgan vositachilikni rad etmaydi", — degan Ashki.

Uning qayd etishicha, Qatar "terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan guruhlarni qo‘llab-quvvatlash bilan arab va Islom mamlakatlarida vaziyatni izdan chiqarishga urinmoqda". "Bevosita yo‘l bilan emas, balki uyushmalar va tashkilotlar orqali shunday yo‘l tutmoqda. Yamanda isyonchi husiylar bian shu holat kuzatilmoqda", — deydi saudiyalik ekspert. 

Qatar va uning mintaqadagi qo‘shnilari bilan kelishmovchiligi Ar-Riyodda AQSh va arab hamda Islom davlatlari sammitidan bir hafta o‘tgach yuz berdi. Qatar yangiliklar agentligi mamlakt amirining Eron bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan bildirgan fikrlarini e'lon qilganidan so‘ng, shu holat ro‘y berdi. Saudiya Arabistoni poytaxtida bo‘lib o‘tgan anjumanda podshohlik barcha mehmonlar nomidan Eronning dushmanona siyosatini qoralab, javob choralari bilan tahdid qilgan edi. Keyinchalik, Qatar TIV rasmiy vakili agentlik sayti buzilgani va e'lon qilingan nutqning Qatar amiriga daxli yo‘qligini ta'kidlab bayonot berdi. 

Biroq, Saudiya Arabistoni, BAA va Bahrayn bu raddiyani ishonchsiz deb topdi hamda Eron bilan munosabatlarni yaxshilash so‘zlari aynan amirga tegishli ekanini ta'kidlashmoqda. BAA tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Anvar Qarqash esa, Qatarga murojaat qilib, qo‘shnilar bilan munosabatlarni tiklash uchun avvalgi xatolarni qaytarmaslikka chaqirdi. 

Top