20:44 / 06.06.2017
5063

Parijda erkak politsiyachiga bolg‘a bilan hujum qildi

Foto: rte.ie

Parijdagi Notr Dam cherkovi yonida noma'lum erkak politsiya zobitiga hujum qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. Erkak javob o‘t ochish bilan yaralangan. Voqea sabablari hozircha noma'lumligicha qolmoqda.

Politsiyadagi manbaning ma'lum qilishicha, erkak politsiyachiga bolg‘a bilan tahdid qilgan va unga zarba bergan. Oqibatda politsiyachi jarohat olgan. Erkak politsiyaning bas qilish haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunmagandan keyin, unga qarata o‘q uzilgan va u ko‘krak qafasidan jarohat olgan.  

Guvohlarning aytishicha, voqeadan keyin cherkovga kelganlar uni ommaviy ravishda tark etishga harakat qilishgani sabab tiqilinch va sarosima yuzaga kelgan. Bundan tashqari, ba'zi guvohlarning ta'kidlashicha, portlash ovoziga o‘xshash ikkita ovoz yangragan.  

Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra, cherkovda 900 kishi qolmoqda, ularga ko‘chaga chiqishga ruxsat berilmayapti. Hudud politsiyachilar tomondan qurshab olingan. Parij politsiyasi shaharliklardan voqea joyiga yaqinlashmaslikni so‘ragan.

Ushbu voqea yuzasidan Parij prokuraturasi terrorchilik moddasi bo‘yicha ish ochdi.

Mavzuga oid
Top