17:40 / 06.06.2017
20311

«Universitetlar, ehtiyot bo‘ling»: Dasturchilar uchun kelajak maktabi qanday tuzilgan

2013 yili Parijda koding maktabi ochilgan edi. U yerga asosan yoshlar, ko‘p hollarda tajribasiz dasturchilarni qabul qilishadi. Ularga turarjoy va zarur texnikalar taqdim etiladi hamda loyihalarni amalga oshirish so‘raladi. Unga kirish uchun oliy yoki o‘rta ma'lumot haqidagi diplom kerak emas, shuningdek, o‘qituvchi va jiddiy nazorat ham yo‘q. Maktabning asosiy maqsadi — tajriba taqdim etish va iqtidorli mutaxassislarni kashf etishdir. 

42-maktab o‘quvchilari. Foto San Francisco Chronicle

2016 yilda maktab filiali Kaliforniyada ham ochildi. Xuddi shunga o‘xshash loyihalar turli mamlakatlarda ham paydo bo‘la boshladi. Ko‘plab IT-mutaxassislar ham unda kelajak ta'limini ko‘rishganini aytib, loyihani olqishlashdi. 

2017 yil bahorida 42-maktabga IT-mutaxassis Pol Grem va «VKontakte» hamda Telegram Pavel Durov tashrif buyurgan edi. 

«Bugun men 42-maktabda bo‘ldim va hanuz ko‘rganlarim ta'siridaman. Universitetlar, ehtiyot bo‘linglar», - deb yozgan edi o‘z tashrifidan so‘ng Pol. 

«Ksave Nelning 42-loyihasi, dasturlashdagi ko‘p masalalarda ancha ilgarilab ketgan maktabdan lol qoldim. Bu qaysidir ma'noda kelajak ta'limidir», - degan Pavel Durov. 

Qanaqa maktab o‘zi bu?

42-maktab — bu boshlovchi va tajribali dasturchilar uchun xususiy o‘quv ta'lim maskanidir. Uning bo‘limlaridan biri Parijda, ikkinchisi — Kaliforniyaning  Frimont shahrida ochilgan. Uning nomlanishi «Avtostop bilan galaktika bo‘ylab» kitobiga bog‘liq. Asarda o‘ta kuchli sun'iy aql «Hayot, Koinot va barcha boshqa narsalarning asosiy savoli»ga shu raqam bilan javob bergan. Maktabda o‘qish bepul, talabalarga umumiy yotoqxonadan joy, kuchli iMac va cheksiz internet taqdim etiladi. 

Ta'lim jarayoni o‘qituvchilarsiz tashkil etilgan bo‘lib, talabalar internetda axborotni topadi va birgalikda IT-loyihalar ustida ishlaydi. Maktab bir kunda 24 soat, haftasiga 7 kun ishlaydi. Talabalar istagan vaqtda kelib ketishlari mumkin. Bu yerda akademik jadval mavjud emas. Birinchi yilda 70 ming kishi ariza topshirgan bo‘lib, ulardan 3 mingga yaqini test orqali tanlab olingan.

Amerika va Fransiyadagi bo‘limlarida 20 nafaar xodim ishlaydi, ammo ular dars bermaydi yoki talabalarning ishlariga aralashmaydi, balki shunchaki ma'muriy vazifalarni bajarishadi. Rahbariyat o‘qituvchilar orqali bilim berishni qo‘llab-quvvatlamaydi, chunki ularning fikricha, har qanday ma'lumotni mustaqil ravishda internetda topsa  bo‘ladi. 

Maktabga kim asos soldi?

Loyihaga 7 mlrd dollardan ortiq mablag‘i bo‘lgan 49 yoshli fransuz tadbirkori Ksave Nel (Xavier Niel) asos soldi. Nel 13 yosh bo‘lganida otasi unga Sinclair ZX81 kompyuterini sovg‘a qildi. Bu o‘smir yigitning IT-sohani tanlashiga kifoya qildi. Tadbirkor maktabni tugatgach, universitetga kirmadi, aksincha uyidagi garajda dasturlashni o‘rganishda davom etdi. 

Ksave Nel (markazda) 42-maktab o‘quvchilari bilan. Foto Getty

Nel 18 yoshida tanishish uchun chat va bir nechta messenjerlar ishlab chiqdi va keyinroq, ularni yirik kompaniyalarga sotdi. 1990 yili, dasturchi 23 yoshda bo‘lganida Iliad televizion, mobil va internet-aloqa tizimini ishlab chiqdi. Bundan tashqari, u yana bir nechta aloqa va internet sohasida ishlaydigan kompaniyaga asos soldi. Nel 10 yildan ko‘p vaqt mobaynida fransuz va amerikalik ishlab chiqaruvchilarning IT-startaplariga millionlab sarmoya kiritdi. Bunda, sarmoyador an'anaviy ta'lim kodingga kelganda ish bermasligini ta'kidlab keldi. 

Nel fikricha, dasturchilarga o‘qituvchilar emas, mustaqil va qo‘shma amaliyot zarur. 

2013 yil martida tadbirkor 42-maktabning Parij bo‘limini ochdi. Buning uchun u 70 mln dollar sarfladi. Nel maktabida malakali, ammo o‘zi yoshligida bo‘lganidek, notanish dasturchilarni ko‘rishni orzu qilgandi. 

Oradan 3 yil o‘tib, Kaliforniyaning Frimont shahrida ikkinchi 42-maktab ochildi. Bu safar sarmoyador qurilish va uskunalar uchun 100 mln dollarga yaqin mablag‘ sarfladi. Nel Kaliforniya maktabida yaqin 5 yilda 10 ming talabani o‘qitish niyatida. U yer ijarasi va binoni saqlash uchun 2020 yilgacha pulini to‘lab qo‘ydi. 

42-maktabga qanday kirish mumkin?

Bu maktabga 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan istalgan kishi kirishi mumkin. Ta'lim olish uchun o‘rta yoki oliy ta'lim diplomi, yoxud tavsiyanomalar kerak emas, aksincha dastlabki test jarayonidan o‘tish kifoya. 

Tanlov jarayoni quyidagicha ko‘rinadi.
 
Nomzod maktabning rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tadi va IQ testni topshiradi. Agar natijalar qoniqarli bo‘lsa, uni bir necha kun ichida Parij yoki Frimontdagi bo‘limga taklif qilishadi. Bu o‘qishga kiruvchining qaysi saytdan ro‘yxatdan o‘tganiga bog‘liq. Maktabning, shuningdek, Slack ochiq chati ham bor. U yerda talabalar va maktab rahbariyati turli masalalar, jumladan o‘qishga arizalarni muhokama qilishadi.
 
Shundan so‘ng, 4 haftalik koding kursi boshlanadi. Har kuni abituriyentga tezkor yechimni talab qiluvchi yangi vazifa beriladi. Ishtirokchiga kompyuter taqdim etiladi, u internet foydalanishi va talabalar bilan muloqot qilishi mumkin. vazifa ancha murakkab bo‘lib, tajribasizroq dasturchilar haftasiga 100 soatlab ishlashlariga to‘g‘ri keladi. 

Agar, o‘qishga kirayotgan talabgor sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, unga 3 yildan 5 yilgacha davom etuvchi to‘liq kursni o‘tishni tavsiya qilishadi. Maktab o‘z turarjoyiga ega bo‘lmagan talabalarga yotoqxonadan joy berishi ham mumkin. Bundan tashqari, maktab dasturchilar uchun yozgi seminarlar ham tashkil etadi. Shunday seminarning eng yaqini 2017 yil 19-30 iyun kunlari Frimontda bo‘lib o‘tadi. 

Ta'lim qanday tashkil etilgan?

42-maktab vakillari talabalar ishini nazorat qilmaydi, ular yakuniy ishlarni tekshirishadi. Agar talabalar vazifani umuman ado qilishmasa, (hatto, 90 foiz bajarilgan bo‘lsa-da) u yiqilgan hisoblanadi. Bloomberg agentligiga ko‘ra, 2014 yili maktabdan 100 talaba haydaldi — ular «Qora tuynuk» deb nomlangan so‘nggi muhlat tizimiga moslasha olishmadi. Ko‘plab o‘quvchilar o‘z loyihalari ustida ishlashadi, ular keyinchalik uni IT-kompaniyalarga sotishlari mumkin bo‘ladi. 

Maktab talabalarining hikoya qilishlaricha, ta'limning eng qiyin kunlari — ilk kunlardir. O‘quvchilar tizimga moslashish maqsadida ko‘plab xato qilishadi. Ishlash qoidalarini tushunish va vazifalarni uddalashda kursdoshlar yordamidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Odamlar ko‘p hollarda stol yonida yoki pol usstida uxlab qoladi. Bu, albatta, taqiqlanmagan.

42-maktab abituriyenti vaqtinchalik yotoqxonada. Foto The New York Times

Binoda cho‘milish xonasi, oshxona va tantanalar xonasi mavjud. Rahbariyatga ko‘ra, talabalar o‘zaro xabarlashib ishlashga majbur. Yakka ishlovchilar qisqa fursatda ajralib qoladi. Talabalar orasida hattoki dasturlashni umuman bilmaganlari ham bor. Biroq, bir-ikki haftadan so‘ng, jamoada samarali ishlashga ko‘nikma hosil qilishadi. 

Ta'lim maskanining ko‘plab bitiruvchilari yetakchi IT-kompaniyalar, xususan, Linkedln, Apple va Dropbox kabi kompaniyalarga ishga kirishlari mumkin.

42-maktabning 40 foizi o‘rta maktabni tugatmagan. 

Ularning 11 foizi — ayollar.

22 yosh  — talabalarning o‘rtacha yoshi.

Maktab nima uchun tanqid qilinadi va olqishlashadi?

Bloomberg agentligining yozishicha, 42-maktabdan nafaqat koding sohasida, balki amaliyot nazariyadan muhim bo‘lgan turli mutaxassisliklarda ham foydalanish mumkin. Masalan, jurnalistikada — o‘quvchilarga hech narsa o‘rgatilmaydi, ular manbalarni mustaqil ravishda tahlil qilish va mavjud axborotga tanqidiy yondasha olishi kerak. 

Ta'limning boshqa bir ustun jihati — asosan eski usullardan foydalanuvchi professorlarning yo‘qligidir. Bundan tashqari, agentlikka ko‘ra, insonning jamoada ishlay olishi va tor doirada o‘zini tuta bilishi IT-industriyada diplomdan ham qadrliroq hisoblanadi. 

42-maktab dasturlovchilar uchun onlayn platforma hisoblanuvchi CodinGame tasnifi bo‘yicha eng yaxshi muassasa deb topildi. Inqilobiy yondashuv, ochiqlik, samaradorlik, talabchanlikning yo‘qligi va maktabni bepulligini Twitter, Snapchat, Slack, Airbnb va Nest asoschilari olqishlashdi.

Shunga qaramay, maktabni tanqid qilganlar ham bor. Talabalardan birining yozishicha, u loyihalar ustida kuniga 10 soat ishlashiga to‘g‘ri keladi, biroq bu yetarli emas. Maktabning Amerikadagi bo‘limi direktori talabalarga kuniga kamida 15 soatni tavsiya qiladi. Talabaning qayd etishicha, ko‘plab talabalar haftasiga 50 soatdan ko‘p ishlamaydi, uning o‘zi esa uyqusizlikdan aziyat chekadi.

Tanqid muallifi do‘stining ish rejasini tatbiq etishga qaror qilgan: tunda 3 soat ishlaydi va kunduzi ikki marta mizg‘ib oladi, qolgan vaqtini kodingga bag‘ishlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yarim yilda shu tartibga ko‘nikish mumkin. 

Dasturchi, shuningdek, guruh loyihalari uchun maktabda munosib hamkorlar yo‘qligidan arz qilgan. Go‘yoki, muassasada yo kam ishlaydigan yoki kodingni yetarlicha bilmaydigan odamlar ko‘p. Jamoaga yuklangan vazifa ko‘p hollarda bir xil taqsimlanmaydi. Talabalar dam olish yoki bayramlar sababli loyihani yarmida qoldirib ketishi mumkin. 

42-maktab talabalari qo‘shma loyihani muhokama qilishmoqda. Foto San Francisco Chronicle

Jamoaviy ishlashning nuqsonlarini Bloomberg agentligi ham qayd etgan. Talabalar, asosan, alohida ishlaydi. Buni esa, uyda yoki boshqa joyda ham muvaffaqiyatli tarzda bajarish mumkin, yordamchilar esa internetdagi maxsus resurslarda ko‘plab topiladi. Shunday ekan, 42-maktabning birgina foydasi qimmatbaho Apple kompyuteridan bepul ishlash imkoniyatidir.

Ammo, tanqidga qaramay, 42-maktab ta'lim sohasidagi o‘ziga xos muassasa bo‘lib qolmoqda. Ksave Nelning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z loyihasi bilan «fransuz mentalitetini o‘zgartirmoqchi». Fransiyada har yili 200 ming bitiruvchi ishga joylasha olmaydi. Uning maktabi esa, ko‘p kishilarga IT-industriyadagi iqtidorini kashf qilishga imkon beradi.

Har holda, Nelning g‘oyasi boshqa davlatlardagi tadbirkorlarni ham ruhlantirgan ko‘rinadi. So‘nggi vaqtlarda, shunga o‘xshash loyihalar Janubiy Afrika, Ruminiya, Moldova va Ukrainada ham paydo bo‘ldi. 

 

Top