Xitoy butun dunyo bo'ylab, jumladan AQSh hukumati kompyuterlariga kiberhujumlar amalga oshiradi. Bu haqda Pentagonning Xitoy harbiy salohiyati haqida kongressga topshirgan har yillik hisobotida aytilgan.

"Butun dunyodagi kompyuter tizimlari, shu jumladan AQSh hukumatiga tegishli tizimlar, 2016 yilda Xitoy tomondan hujumlarga uchrab turgan. Hujum tarmoqlarni baholash va ma`lumotlar olishga qaratilgan bo'lgan. Xitoy kibersohadagi salohiyatini AQShning diplomatik, iqtisodiy va harbiy-sanoat sohalaridagi ma`lumotlarni yig'ish uchun qo'llaydi", deb aytilgan hisobotda.    

Pentagonning fikricha, olingan ma`lumotlar Xitoyning yuqori texnologiyalar sanoatida, harbiy modernizatsiyalashda va AQSh elitasi istaklarini baholashda qo'llanishi mumkin. Bundan tashqari, xitoylik harbiylar bu yo'l bilan AQShning mudofaa infratuzilmasi, logistikasi va harbiy salohiyati haqida ma`lumotlarni qo'lga kiritishlari mumkin. Biroq Xitoyga qo'yilayotgan ushbu ayblovlarni isbotlovchi aniq dalillar keltirilmagan. 

AQSh bir necha marotaba Xitoyni bosh kibertahdidlardan biri deb atagan. 2011 yildayoq AQShning milliy kontrrazvedka boshqarmasi kongressga topshirgan hisobotida xitoylik xakerlar eng ko'p iqtisodiyot va mudofaa bilan bog'liq ma`lumotlar saqlanuvchi serverlarga kirishga faol ravishda urinishlarini ma`lum qilgan. Xitoy esa o'z navbatida bu ayblovlarni rad etib keladi va aksincha, AQShni Xitoy internetida faollikda ayblaydi.