20:05 / 07.06.2017
12377

Shavkat Mirziyoyev Eronga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tehronda yuz bergan teraktlar oqibatida odamlar halok bo‘lgani munosabati bilan Eron prezidenti Hasan Ruhoniyga hamdardlik bildirdi. Prezident maktubi matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

«Eronning parlament binosida hamda oyatulloh Xumayniy maqbarasida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida ko‘plab insonlarning nobud bo‘lgani va og‘ir jarohat olgani haqidagi xabar bizni qattiq qayg‘uga soldi.

O‘zbekiston ushbu qabih terrorchilik xurujlarini, ular qanday shakl va mazmunda bo‘lishidan qat'iy nazar, keskin qoralaydi hamda mazkur baloga qarshi xalqaro miqyosda hamkorlik qilish zarurligini yana bir bor ta'kidlaydi.

Ushbu musibatli damlarda Siz Janobi Oliylariga va Siz orqali butun Eron xalqiga chuqur ta'ziya izhor etamiz. Qurbon bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik tuyg‘ularimizni yetkazib qo‘yishingizni so‘raymiz. Jarohat olganlarni esa tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tilaymiz», deyilgan hamdardlik maktubida.

7 iyun kuni Tehronda Eron parlamenti binosi va imom Xomeyni maqbarasiga hujumlar uyushtirildi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu teraktlar oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan va 40ga yaqin kishi jarohatlangan.

Teraktlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid
Top