09:55 / 07.06.2017
13967

O‘z yangasini pichoqlab o‘ldirgan shaxs uzoq muddatga qamaldi

Aka-uka oilasi bilan ota hovlida birga yashardilar. Vaqt o‘tishi bilan ikki ovsin va og‘a-inilar o‘rtasiga turli sabablarga ko‘ra sovuqchilik tushdi. Jamol akasi Sherali va yangasi Jamilaga “Bu hovli menga tegishli, sizlar uy qurib, chiqib ketinglar”, deb talab qila boshladi. Ana shunday gaplar Jamol va yangasi Jamila o‘rtasida kelishmovchilikni yuzaga keltirdi. Ular bir-biri bilan gaplashmas, Jamol uyga mast bo‘lib kelganida, albatta Jamila bilan janjal chiqarardi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Sherali tosh teruvchi usta edi. Kunlarning birida u ukasini ham ishga birga olib ketdi. Kech bo‘lganida esa uylariga qaytishdi.

-  Bugun ancha yaxshi ishladik, - dedi yo‘lda kelayotganlarida Sherali ukasi Jamol va sherigi Akmalga. – Shu sabab xo‘jayin ozroq pul bergan edi. Yuringlar, shu pullarga senlarga “ziyofat” beraman.

Shundan so‘ng uchalasi do‘konlardan biriga kirib, spirtli ichimlik olib ichishdi. Ammo Jamol bunga qanoat qilmadi.

-  Sizlar ketaveringlar, men keyinroq boraman, - dedi u.

Ukasining fe'lini yaxshi bilgan Sherali indamadi. Akmal bilan do‘kondan chiqib, uyiga ketdi. Jamol esa yana ichdi. Bunga ham qanoat qilmay uyida ichish maqsadida bir nechta spirtli ichimlikni ham oldi. Bu paytda ichimlik o‘z ta'sirini ko‘rsatib, Jamol ancha mast bo‘lib qolgan edi. U bir amallab uyiga kirib kelganida onasi Nazira va turmush o‘rtog‘i Nigora supada choy ichib o‘tirishgan ekan. Jamol ularning yoniga o‘tirib, olib kelganini ichdi.

Endilikda u o‘zini idora qilolmas, og‘zidan har xil bo‘lmag‘ur so‘zlar chiqa boshladi. Bu paytda Jamila ish bilan uyidan chiqib qoldi. Uni ko‘rgan Jamol esa yanada “qutur”di. Yangasini kurakda turmas so‘zlar bilan haqorat qila boshladi.

-  Men sizga nima qildim, nimaga meni haqorat qilasiz? – dedi Jamila.

Bu gap esa qizib turgan moyga gugurt chaqqandek bo‘ldi. Jamol nojoiz so‘zlar bilan haqoratlashni yanada avj oldirdi. Qaynukasining mastligini, unga hozir bas kelib bo‘lmasligini bilgan Jamila “E, bor-ye”, deya ortiga qaytdi.

Bu muomalaga chiday olmagan Jamol shaxt bilan o‘rnidan turdi. Jamilaga yetib olib, uning yuziga bir musht tushirdi. O‘zini o‘nglab olgan Jamila esa Jamolni itarib yubordi. Mastlik natijasida shundoq ham oyog‘ida zo‘rg‘a turgan Jamol yiqilib tushdi. O‘rnidan turib yana urmoqchi edi onasi Nazira o‘rtaga tushdi. Bu holatga chiday olmagan Jamol “Hali shunaqami, hozir seni o‘ldiraman”, deya uyiga kirib ketdi. Stol ustidan turgan oshxona pichog‘ini olib chiqib, Jamilaning ortidan yugurdi. Yetib olgach, Jamilaning yelka qismiga pichoq urdi. Tanasida kuchli og‘riq sezgan Jamila dodlagancha uyga qochib kirdi. Ammo Jamol bunga qanoat qilmay, Jamilaga yetib olib, uning duch kelgan joyiga pichoqni sanchib olaverdi. Bu paytda shovqinni eshitib yugurib kelgan Sherali va boshqalar Jamolni tashqariga olib chiqishdi. Ammo ular ancha kech qolgan edi. Og‘ir jarohat olgan Jamila allaqachon hayot bilan vidolashgan edi...

Mazkur jinoiy ishni atroflicha ko‘rib chiqqan sud Jamol G‘ayratovni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Top