18:32 / 07.06.2017
8053

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari XMT konferensiyasida ma'ruza qildi

O‘zbekiston delegatsiyasi Jyenevada bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasi 106-sessiyasida ishtirok etayotgani haqida avval xabar qilingan edi.

Mazkur sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ma'ruza qildi va O‘zbekiston hukumatining ijtimoiy-mehnat sohasidagi nuqtai nazarini bildirdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Xususan, Tanzila Norboyeva har yilgi XMT anjumanlarida belgilanadigan mehnat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar respublika hukumati va uch tomonlama hamkorlarning asosiy yo‘nalishlariga mos ekanini ta'kidladi. 

Bosh vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan ijtimoiy-mehnat sohasini yanada takomillashtirish, ish haqi, pensiyalar va stipendiyalarni o‘z vaqtida berish, shuningdek, aholi uchun sog‘liqni saqlash xizmatlari ko‘rsatilishini yaxshilash, mehnat sohasida gender tenglikni ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini qayd etdi.

Norboyeva ishtirokchilarni xalqaro standartlarga muvofiq, mehnat sohasidagi bir qator qonun xujjatlariga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan “2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” bilan tanishtirdi.  

Ishtirokchilar “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi, “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi, “Aholi bandligiga ko‘maklashish nodavlat tashkilotlari (rekruting agentliklari) to‘g‘risida”gi va boshqa qonun loyihalarini ishlab chiqish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

"Biz XMTning mehnat sohasidagi asosiy tamoyillari va huquqlarini tadbiq etish bo‘yicha sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston BMT agentliklari, xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda uch tomonlama hamkorlarning barcha kuch-g‘ayratlarini ushbu tamoyillarni ta'sirli va natijali rivojlantirishni davom ettiradi", - dedi Norboyeva.

Top