23:37 / 07.06.2017
88318

Valyutalar kursi, mahsulotlar va ko‘chmas mulk narxlari: iyun oyi uchun ekspress-prognoz

Foto: "Kun"

Dollar kursi qanday bo‘ladi, iste'mol tovarlarining narxi o‘sadimi, ko‘chmas mulk bozoridan nimalarni kutish mumkin — UZ24 eksperti iyun oyi uchun ma'lumotlarni oldindan aytib berishga harakat qildi.

Iyun oyida, ehtimol joriy yilning qolgan qismida ham o‘zgarishlar tendensiyasini uch asosiy voqea belgilab beradi.

Bular qanday voqealar?

Birinchi voqea kecha yuz berdi — Markaziy bank rahbari etib Mamarizo Nurmuratov tayinlandi. Uning nomi mamlakat bank sohasi tarixidagi e'tiborga molik islohotlar: milliy valyutaning joriy etilishi, uning erkin konvertatsiyasi, bank sohasida noldan me'yoriy baza yaratilishi, tijorat banklari tomonidan bank sohasiga xos bo‘lmagan funksiyalarning qisqartirilishi bilan bog‘lanadi. Uning qaytishi bilan yangi va yosh islohotchilar jamoasi shakllantirilishi kutilmoqda.

Ikkinchi voqea — boshqa shaharliklar va xorijliklarga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi barpo etilayotgan turar-joylar xarid qilganda propiska berilishi imkoniyatidir. Tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, aprel oyida ommaviy muhokamaga qo‘yilgan edi. Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davlat Dasturiga ko‘ra, qonunchilikdagi o‘zgarishlar shu yilning II choragi oxirigacha, ya'ni iyun oyi so‘ngiga qadar amalga oshirilishi kerak.

Uchinchi voqea shu qadar uzoq kutilmoqdaki, ko‘pchilik endi uning yaqin istiqbolda ro‘y berishiga ishonqiramayapti. Gap milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi haqida bormoqda. Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davlat Dasturiga ko‘ra, valyuta bozorida talab va taklifni aniqlash uchun bozor mexanizmlarini joriy etish mart oyining oxiriga qadar amalga oshirilishi lozim edi. Bank sohasi xodimlariga ko‘ra, mexanizmlar allaqachon tayyor — gap faqat uni bajarish uchun siyosiy qarorga bog‘liq bo‘lib qolgan. Bu o‘rinda shuni qayd etmoq kerakki, bizning sharoitlarimizda yoz oylari — pul va valyuta bozorida o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun eng qulay oylar hisoblanadi: kutilayotgan inflyatsion ko‘rsatkichlar past bo‘lib turadi, iqtisodiy faollik nisbatan susayadi, ijtimoiy soha va byudjyetga bosim yuqori emas.

Endi taxminlar haqida

Dollar kursi

Erkin konvertatsiyadan umid qilib turilgan bir pallada «qora» bozorda valyuta kursi 1 dollarga 8300–8500 so‘m chegarasida barqaror qolaveradi. Bunga respublika ichidagi hisob kitoblarda valyuta ishlatiladigan segmentning qisqarishi va xorijdan pul jo‘natmalari hajmining oshishi ham yordam beradi. Bozorga ta'sir qiluvchi yangi omillarning yo‘qligi tufayli kursning keskin sakrashi kutilmaydi.

Iste'mol tovarlari va xizmatlari

Iste'mol bozorida narxlar barqarorligicha qoladi. Oylik inflyatsiya nol darajasida bo‘ladi. Iste'mol bozorining oziq-ovqat segmentlarida biroz narx pasayishi kuzatiladi, nooziq-ovqat segmentlarida esa narxlarning 2–5 foizga oshishi kutilmoqda, birinchi navbatda — qurilish materiallariga. Bu segmentda hamon importning ulushi kattaligi va kurs ta'sirining kechikishi bilan tushuntiriladi. Monopol tovar va mahsulotlarga narx va tariflarning oshishi kutilmayapti.

Ko‘chmas mulk bozori

Ikkilamchi bozorda turar joy uchun narxlar (dollarda) tushishda davom etadi. Iyun oyida 1–1,5 foiz atrofida pasayish kuzatiladi. Narxlari milliy valyutada belgilangan birlamchi bozorda (tijorat uylari, ijtimoiy turar-joylar emas) narxlar 1,5–2 foizga oshishda davom etadi, bu hol bunday uylar uchun «propiskaning ochilishi» va inflyatsiya ta'siri tufayli yuz beradi.

Agar yangi uy xarid qilgan o‘zga shaharliklar va xorijliklar Toshkentda propiskaga ega bo‘la boshlashsa, biz ikkilamchi bozorda narxlarning bir vaqtning o‘zida 5 foizgacha qulashiga guvoh bo‘lamiz, bir vaqtning o‘zida, birlamchi bozordagi kvartiralarning narxi keskin oshadi — 10 foizgacha.

Aleksandr Davletov,
moliyachi-ekspert

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini anglatmaydi.

Top