16:38 / 08.06.2017
6842

«Facebook» asoschisi insoniyatdan qo‘rqishi tufayli barchaga pul to‘lanishi tarafdori

G‘arbning yetakchi nashrlari — Forbes, The Huffington Post, Bloomberg va boshqalar shu kunlarda bazaviy daromad, deya atalayotgan tushuncha g‘oyasini faol muhokama qilishmoqda. Bazaviy daromad deganda davlat tomonidan har bir fuqaroga to‘lanishi kafolatlangan summa tushuniladi. Ushbu ibora va g‘oyaning keskin ommalashuviga sabab multimilliarder va Facebook asoschisi Mark Tsukerberg o‘zining Harvard universitetidagi chiqishida bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagani bo‘ldi. 

Bayonot Tsukerbergning prezidentlik ambitsiyasi haqidagi mish-mishlar kuchayayotgani fonida ro‘y bergani va yil boshidan buyon shartsiz bazaviy daromad — ShBDni tatbiq etish bo‘yicha tajriba ikki davlat (Kanada va Finlandiya)da joriy etilgani hisobga olinsa, Silikon vodiysida juda mashhur bo‘lgan bu g‘oya kelgusidagi jamiyat tuzilishining o‘ziga xos dasturamali emasmikan, degan savolni OAV muhokama etmoqda. 

...Nima deyish mumkin? O‘z-o‘zidan shartsiz bazaviy daromad g‘oyasi juda ko‘hna hisoblanadi. Ilk bor u bir necha yil muqaddam nashr etilgan (1939 yilda noshirlar romanni ishonarsiz deb, chop etishmaydi) Haylaynning «Biz, tiriklarga» fantastik romanida ko‘zga tashlangan. Natijada, Haylayn o‘zining chop etilmagan ilk romanini turli g‘oyalarga bo‘lib, keyingi ijodida foydalanib kelgan.

Bu g‘oya bayon qilingan ilk qissa esa 60-yillar o‘rtalarida chop etilgan va boshqa muallifga tegishli bo‘lgan, aftidan, bu g‘oya azaldan bir kishidan ikkinchisiga ko‘chib yuradigan daydi g‘oya bo‘lgan.

Tabiiyki, ShBDni joriy etish bo‘yicha yaqinda Shveytsariyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan referendum tashkilotchilari ham, Finlandiya va Kanadadagi bazaviy daromadlar bilan bog‘liq hozirgi ijtimoiy tajriba tashkilotchilari ham, o‘z-o‘zidan Tsukerberg ham bu g‘oyaning ixtirochilari hisoblanmaydi.

Yodingizda bo‘lsa, Shveytsariya referendumida bu g‘oyaga qarshi shunchaki qarshi ovoz berilmadi, qarshi ovoz berganlar ulushi juda katta bo‘ldi. Nega? Chunki ShBD g‘oyasi — jamiyatni boshqarayotganlardan voz kechish, demakki, o‘zining barcha burch va majburiyatlaridan voz kechish g‘oyasi demakdir.

Mohiyatan, shartsiz bazaviy daromad jamiyat ishsizlikka qarshi ortiq kurashmasligini, yangi ish o‘rinlari yaratishga urinmasligini, shunchaki insonlarni hayotdan itqitib tashlab, ularning ochidan o‘lib qolmasligi uchun pul ajratilib turilishini bildiradi. Yashashi emas, aynan ochidan o‘lib qolmasligi uchun, chunki har bir inson uchun hayotning mazmuni, avvalo, qizg‘in faoliyatda, boz ustiga, jamiyat ham har bir insonning imkoniyatlarini so‘rab olishi va javob berishi kerak. Aynan kerak, chunki jamiyatda mohiyatan insonlardan bo‘lak resursning o‘zi yo‘q. Boz ustiga, bu resurslar o‘ta kamyob. Insonlardan boshqa narsani yaratish yoki xarid qilish mumkin.

Xullas, ana shunday sharoitlarda shartsiz bazaviy daromadning joriy etilishi, uni qanday deb atashmasin, qanday ko‘rinishda tortiq etishmasin (chunki masalan, «manfiy daromad solig‘i», deb ham atashmoqda) — har doim bitta narsani bildiradi: umuman olganda jamiyat o‘zining ayrim kuchlari va imkoniyatlaridan mahrum bo‘ladi, o‘z resurslarining bir qismidan foydalanmay qo‘yadi. Shu sababli bu g‘oyani ilgari surayotganlar, umuman olganda, jamiyatning kuchsizlanishiga erishishni istashmoqda.

Haylaynning yuqorida tilga olingan 1939 yilgi romanida insonlarga jamiyat tomonidan shu bazaviy daromad berilishi ularga shunchaki o‘z qiziqishlari doirasida faol harakat qilish uchun xalaqit bermasdi. Biroq, oltmishinchi yillar qissasida o‘z fuqarolariga «manfiy daromad solig‘i» taqdim etgan jamiyat yumshoqroq qilib aytiladigan bo‘lsa, unchalik farovon emasdek tasvirlangan. Bosh qahramon ham o‘zining o‘rnini o‘ta ziyonli deb hisoblagan va hikoya davomida doimiy ish o‘rniga ega bo‘lish uchun qo‘lidan kelgan barcha urinishni qilgan va jamiyatning boshqa a'zolariga o‘xshab, me'yordagi daromad solig‘i to‘lashga intilgan.

Mark Tsukerbergdan o‘ta muvaffaqiyatli insonlarning ShBDga qiziqib qolganligi ortida nima turgan bo‘lishi mumkin?

RIA Novosti eksperti Anatoliy Vassermanning fikricha, Tsukerbergning yaqindagi chiqishlari kuchlari talab etilmagan ko‘plab insonlardan keladigan xavfni anglamagan bo‘lsa ham, uni sezib turganligini ko‘rsatadi. Inson tabiatan o‘ta faol, shu sababli agar unga foydali harakat qilish imkoni berilmasa, u ziyonga ishlay boshlaydi. Ba'zan o‘zi uchun, ba'zan atrofidagilar uchun.

Ehtimol, Tsukerberg jahondagi ommaviy ishsizlik darajasi portlovchi vaziyatni yaratganini allaqachon tushunib yetgandir, lekin bu portlashdan qanday qilib qutilish mumkinligini hozircha tushunmagan ko‘rinadi. 

Qayd etish lozimki, dunyoning rivojlangan davlatlaridagi eng boy odamlar butun dunyo bo‘ylab turli boshpana, ta'qibdan saqlanadigan joylar xarid qilishga qiziqishayotgani haqida OAVda xabarlar chiqib turibdi.

Bu boshpanalar bir necha yil muqobil tarzda umr kechirish mumkin bo‘lgan bunkerlardan iboratdir. Ya'ni, insonlar voqealarning halokatli tus olishini sezishmoqda, bo‘lajak portlashning oldini olishni yoki umuman, uni bartaraf etish mumkin-mumkinmasligini bilishmayapti.

Darvoqe, bu holatda bunkerlar mutlaqo bema'ni yechimdir, chunki ertami-kechmi, uning ichidagi kelgusidagi hayot uchun zarur bo‘lgan narsalar tugaydi.

Bunker — aqlli mulohaza bilan yo‘g‘rilmagan qo‘rquv in'ikosi hisoblanadi. Tsukerbergning taklifini ham mana shu ruknga qo‘shib qo‘yish kerak. Ya'ni unikida ham milliardlari va baxtli hayoti uchun qo‘rquv tufayli yuzaga kelgan, sog‘lom fikrdan mosuvo.

Mavzuga oid
Top