09:40 / 08.06.2017
7463

Italiya Urugvayni yirik hisobda yengdi, Ispaniya Kolumbiya bilan o‘yinda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi

Italiya Fransiyaning Nitstsa shahrida Urugvayga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. «Alyants Rivera» stadionida kechgan uchrashuvda rasman mezbon sifatida harakat qilgan yevropaliklar 3:0 hisobidagi g‘alabaga erishdi.

O‘yin boshida Lorentso Insine raqib jarima maydonidagi Andrea Belottiga uzun pas berdi, hujumchi to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmagandi, ammo urugvayliklar himoyachisi Xose Mariya Ximenes to‘pni uzoqlashtirishga uringanida, uni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

82 daqiqada esa Ederning qaytarib bo‘lmas zarbasidan keyin «skuadra adzurra» ustunlikni mustahkamladi. O‘yin yakunida urugvayliklar jarima maydonida xato qilishdi va hakam penalti belgiladi, Daniele De Rossi sovuqqonlik bilan uni amalga oshirdi.

FIFAning hozirgi reytingida Italiya 12-o‘rinda, Urugvay 16-o‘rinda joylashgan.

Yana bir o‘rtoqlik uchrashuvida Kolumbiya Ispaniyaga qarshi o‘ynadi. Ispaniyaning Mursiya shahridagi «Nueva Kondomina» stadionida kechgan uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etildi.

O‘yinning 12-daqiqasida Pedro o‘ng qanotda yugurib, David Silvani to‘p bilan ta'minladi, uning bergan zarbasi David Ospinaga to‘g‘ri borgan bo‘lsada, darvozabon to‘pni qaytara olmadi.

39-daqiqada Sesar Aspilikueta va Xerard Pike to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishda kelisha olishmadi, Pepe Reyna ham to‘pga chiqishda xato qildi, bundan esa Edvin Kardona unumli foydalanib, to‘pni darvozabon ustidan oshirgan holda darvozaga yo‘lladi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Xames Rodriges jarima maydoniga to‘p yetkazib berdi, to‘p uchun kurashda Pikedan ustun kelgan Radamel Falkao bosh bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. O‘yin oxirida Saul xuddi shunday pasni darvoza ustuni ostiga yo‘lladi, Kristian Sapatadan ustun kelgan Alvaro Morata hisobni tenglashtirib, terma jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Gruziya esa Sent-Kits va Nevisni yirik hisobda yengdi (3:0), Finlyandiya va Lixtenshteyn durang o‘ynadi (1:1).

O‘rtoqlik uchrashuvlari
Italiya – Urugvay 3:0 (1:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 7, Ximenes (avtogol), 2:0 – 82 Eder, 3:0 – 90, de Rossi (penalti).
Italiya – Donnarumma, Bonuchchi, Bardzali (Kellini, 78), Darmian, de Rossi, Spinatstsola, Kandreva (Bernardeski, 58), Markizio (Montolivo, 18), Insine (El-Shaaravi, 64), Immobile (Gabbyadini, 82), Belotti (Eder, 46).
Urugvay – Muslera, Ximenes, Kaseres, Pereyra (Koruxo, 82), Koates, Gonsales, Vesino, Nandes, Sanches (Stuani, 46), Urretaviskayya, Rolan (Silva, 73).
Ogohlantirishlar: Markizio (4), Immobile (39), Nandes (61).

Ispaniya – Kolumbiya 2:2 (1:1, 1:1)
Gollar: 1:0 – 22 Silva, 1:1 – 39 Kardona, 1:2 – 55 Falkao, 2:2 – 87 Morata.
Ispaniya – Reyna, Pike (Deulofeu, 56), Alba (Saul, 46), Aspilikueta, Nacho, Inesta (Asensio, 46), Ilyarramendi, Silva (Monreal, 46), Koke, Pedro (Vitolo, 76), Aspas (Morata, 56).
Kolumbiya – Ospina, Aryas, Armero, Sapata, Sanches (Murilo, 46), Xames (Muriel, 80), Sanches, Kardona (Moreno, 67), Agilyar (Torres, 67), Kuadrado (Iskerdo, 88), Falkao (Bakka, 77).
Ogohlantirishlar: Kuadrado (31), Alba (31), Silva (36), Sanches (45), Armero (71), Ilyarramendi (90).

Finlyandiya – Lixtenshteyn 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 18 Xetemay, 1:1 – 62 Xasler.
Ogohlantirishlar: Xasler (44), Burgmayyer (45).

Gruziya – Sent-Kitts va Nevis 3:0 (0:0, 3:0)
Gollar: 1:0 – 52 Arabidze, 2:0 – 73, penalti Arabidze, 3:0 – 81 Dvalishvili.

Top