19:13 / 08.06.2017
379099

Ozodbek Nazarbekov to‘g‘ri gapirdi, lekin...

2 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida (sobiq «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi) «Qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir estrada xonandasining asosiy insoniy fazilatiga aylanishi lozim» mavzusida san'atkorlar va shou biznes vakillari bilan majlis bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov san'atkorlar xizmatidan tekin foydalanib kelayotgan davlat tashkilotlariga bundan keyin pul o‘tkazish yo‘li bilan ularning xizmatidan foydalanishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Madaniyat vazirligidan yig‘ilishda qatnashgan amaldor ham vazirlik bu pullik xizmat taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi.

Foto: O‘zbeknavo

O.Nazarbekov Madaniyat vazirligi qoshida tijoriy bo‘lim ochish va san'atkorlar xizmatidan tekin foydalanib kelayotgan davlat tashkilotlari unga pul o‘tkazish yo‘li bilan ular xizmatidan foydalanishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. O‘z chiqishida xonanda, xususan, prokuratura va boshqa davlat muassasalari amaldorlarining o‘z bazmlarida xonandalar xizmatidan bepul foydalanish ustiga, do‘q urib san'atkorlarni obro‘sizlantirishi haqida shikoyat qildi:

“Davlat tashkilotlari oldida san'atkorlarning hurmati yo‘q. Davlat tadbirlari haqida gapirmayapman. Tashqi ishlar vazirligida tadbir bo‘ladi yoki prokuraturada, oddiy o‘tirish qiladi, masalan, Navro‘zga atab yig‘ilishadi. Shu tadbirga nonni pulga olishadi, suvni pulga olishadi, restoranni pulga zakaz qilishadi, lekin san'atkor tekinga borishi kerak. Hurmat ham shunga yarasha bo‘ladi. Ozgina kechiksangiz do‘g‘lab, urushib berishadi”, — degan Nazarbekov. Bu so‘zlar yangragach yig‘ilish zaliga yig‘ilgan barcha — ayrim san'atkorlar va qolgan shou-biznes olami vakillari qizg‘in va gulduros qarsaklar bilan Nazarbekovni qo‘llab-quvvatlashgan.

Yig‘ilishda Adham Soliyev Qashqadaryoga tadbirga borgan artistlar guruhi vaqtida taomlantirilmasdan  qoldirilgani,  Surxondaryoda esa «Kamolot» ijtimoiy harakati rahbari va madaniyat bo‘limi boshlig‘i tomonidan turli ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, ularga nisbatan hurmatsizlik qilingani haqida ham gapirib bergan.

«Ozodbek — prav!»

Bu borada nima ham deyish mumkin, Ozodbek Nazarbekovning bildirgan taklifi juda o‘rinli, uni faqatgina olqishlash mumkin. Haqiqatan ham davlat tashkilotlari turli tadbirlarga, hattoki davlat miqyosidagi tadbirlarda ham qatnashgani uchun san'atkorlar va shou-biznes vakillariga (boyadan beri ikkisini ajratib yozyapman, hayron bo‘lmang — men ularni sahnada chiqishlaridan tashqari boshqa jihatlari bir-biridan mutlaqo farqli soha vakillari, deb hisoblayman) tadbir smetasida pul ajratilishi va shartnomaga ko‘ra ko‘rsatilgan pul to‘lanishi kerak. Pul to‘langach, tomonlar o‘rtasida bajarilgan ishlar dalolatnomasi tuzilib imzolanishi, davlatga esa ko‘rsatilgan xizmat uchun belgilangan soliq to‘lanishi kerak. Tamom-vassalom, hammasi qonuniy, hammasi risoladagidek.

Shunda artist hurmat ham talab qilmaydi, puli to‘lab qo‘yilgan davlat tadbirida ashulasini aytib, chiqib ketaveradi. Qarsak chalishmasayam xafa bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? Hozirgi sharoitda o‘sha, aytaylik, davlat tadbirida birortasi ichib olib, «seni bu yerga kim chaqirdi?» — deb do‘pposlasa ham kaltak yegan artist nohaq bo‘lib turaveradi-da, nima dedingiz?

Foto: O‘zbeknavo

Keling, aniqlashga harakat qilaylik: Ozodbek Nazarbekov yoki umuman boshqa artistlarimiz, o‘sha joylarga, o‘shanaqa tadbirlarga borishni istashmas ekan, bezishgan ekan. Xo‘p, ularni istamagan joylariga borishlariga kim yoki nima majbur qilyapti? Nega ular yo‘q, deya olishmayapti?

Lisenziya masalasi

Ma'lumki, konsert uyushtirish va to‘y-tomoshalar hamda boshqa tadbirlarda qatnashish uchun litsenziyani «O‘zbeknavo» estrada-konsert birlashmasi berib kelar, hozir bu huquq «O‘zbekkonsert» davlat muassasasiga berilgan. Masalan, yiliga kamida 5 mln. 900 ming so‘m to‘lanadigan litsenziya egalari TVda chiqishlari, ommaviy konsert uyushtirishlari mumkin. Artistlarning unvoniga qarab, undan yuqorilari ham bor hamda undan pastroqlari — faqat to‘ylarga yurishga izn beradigan litsenziyalar ham bor.

Bilishimizcha, artistlarimizni turli shaxsiy tadbirlarida tekin xizmat qildirishga oshufta o‘sha davlat tashkilotlari aslo san'atkorning o‘ziga murojaat qilishmaydi, aynan «O‘zbekkonsert»ga murojaat qilishadi. Xo‘p, san'atkor erkin ijod (!) va muxlislari oldida chiqish qilishi uchun bir yillik litsenziyasining pulini to‘lab qo‘ygan ekan, «O‘zbekkonsert»ning ishi shu bilan yakuniga yetgan ekan, uning xizmatidan tekin foydalanishga majburlash uchun qanday haq-huquqi bor bu davlat muassasasining?

Ya'ni, savolni boshqacha, tushunarliroq, cho‘ponchasiga qo‘yamiz: Davlat miqyosidagi tadbirlar (Mustaqillik bayrami, Navro‘z ayyomi)da qatnashish o‘z-o‘zidan tushunarli. Lekin Ozodbek Nazarbekov aytayotgan, qo‘pol qilib aytganda, idora va vazirliklarning «korporativka»sida artistlar tekin xizmat qilishi kerakmi? Nega?

Masalan, biror davlat korxonasining kasb bayramiga atalgan kechaga tekin konsert berish uchun bormagan, aytaylik, Zulayho Boyxonovaning litsenziyasi «O‘zbekkonsert» tomonidan bekor qilinadimi?

«O‘zbekkonsert» artistlarimizning faqat davlat tadbirlarida qatnashmagani, ochiq-sochiq kiyingani, Internetda «xol qo‘ygani» uchun litsenziyasidan mahrum qiladimi yoki, masalan, prokuratura yo soliq organlari tomonidan artist soliq to‘lamagani, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun chek yoki xizmat ko‘rsatish dalolatnomasi taqdim etmagani, xizmat haqi uchun xorijiy valyuta talab qilgani holatida ham litsenziya bekor qilinadimi?

Umuman, artistlarimiz soliq to‘laydimi o‘zi-yo‘qmi?

Yurtimizda har qanday xizmat uchun soliq to‘lanadi, Ozodbek Nazarbekovning o‘zi ham tashkilotlar bizni tekin xizmat qildirmasin, pul ko‘chirib berishsin, demoqda. Demak, shu xizmatdan soliq olinishini ham nazarda tutmoqda.

Kontsertlaringizda chipta chiqariladi, uning hisob-kitobi bor, konsert zalini ijaraga olasiz, undan albatta zarar bilan chiqiladi, balkim amal-taqal qilib biror narsa to‘larsiz, davlat byudjyetiga. Mayli hammasini joy-joyida, soliqlar ham 100 foiz to‘lanadi, deb hisoblab qo‘yaqolaylik hozircha. Lekin to‘y-tomoshalarga «navbatchilik»ka borish, «birrov»ga borish ortidan topayotgan pulingizdan soliq to‘layapsizlarmi, janob san'atkorlar?

«Xalq artisti», «xizmat ko‘rsatgan artist» bo‘lib yurib xalqqa nima xizmat qilayapsiz unda? Davlat ahamiyatidagi tadbirlarda tekin qatnashib berganingizmi, xolos? Xalq olqishi bilan «Xalq artisti» unvoniga ega bo‘lgansiz, martabangiz yuksalgan, to‘ylarga boshqalarga nisbatan qimmatroqqa borasiz, shu xalqning biror koriga yaraydigan biror soliq to‘laysizmi-yo‘qmi?

Masalan, Ozodbek aka, siz to‘y mavsumlarida kuniga 4tagacha to‘yga «birrov»ga chiqasiz, albatta, barchasida fonogrammada aytasiz. Chunki «bu xalq jonli ovozni tushunmaydi», degan mashhur gapingiz bor. 1000 dollardan «qora bozor» kursida har bir to‘ydan 8,500,000 so‘m olasiz. Bir kunda jami 30 milliondan ziyod bo‘ladi. Shu topganingizdan nyecha pul soliq to‘laysiz, aka? Rostini ayta olasizmi? Daromadingizni emas, to‘layotgan solig‘ingizni so‘rayapman, sizga unvon berib, ardoqlab, boshiga ko‘tarib qo‘ygan davlatning xalq uchun sarflanadigan majburiy to‘lovingiz...

Har bir topilgan daromaddan soliq to‘lanishi kerakligidan bexabar edim, demang faqat, aka iltimos! Daromadlar deklaratsiyasi degan narsa bor. Oddiy uyini ijaraga bergan inson ham topgan daromadidan soliq to‘laydi, deklaratsiyada ko‘rsatadi. Mashinasini ijaraga bergan ham deklaratsiya to‘ldiradi, Qalam haqi oladigan yozuvchi ham deklaratsiya to‘ldiradi. Lekin artistlarimiz deklaratsiya nimaligini bilmaydi! Chunki go‘yo unda boshqa daromad yo‘q. Masalan, «mana shu qasrni qaysi pulga olgansiz», deb savol berishsa, nima deb javob berasiz? Keltirib bera olasizmi daromad manbaini?

Va bu birgina sizga emas, Ozodbek aka, sizdan boshqa xalq va xizmat ko‘rsatgan va ko‘rsatmagan artistlarimizga ham: o‘zini nafaqat O‘zbekiston, hatto Yer kurrasi ham emas, Somon Yo‘li galaktikasi xalq artisti, deb hisoblovchilarga ham, hu o‘sha otarchilarga ham taalluqli.

«Sizdan ugina, bizdan bugina»

Axir hadeb televizorga chiqib, «san'atning nonini yeyish qiyin», degan shablon javoblaringiz hiqildoqqa keldi. Ko‘ryapmiz, sizlarning hayotlaringizni: “Feysbuk”, “Instagram”, “Tvitter”larda. Nimasi qiyin ekan non yeyishning? «San'atning pulini sarflash qiyin», desa o‘rinliroq bo‘lardi. Sizlar oddiy xalq qanday qilib qiynalib pul topib, non yeyayotganini bilmaysizlar. Bilmaysizlarki, 2 soatga 1000 dollar pul so‘raysiz va davlat tashkilotlarida tekin xizmat qib qo‘yganingizdan ijirg‘anayapsiz. Ozodbek Nazarbekov «duxi» yetib shu haqida gapirgani hamono, barchangiz jo‘r bo‘lib chapak chaldingiz. Non yeyish qiyinligidanmi bu ham?

Yo qorningiz och qoldimi? Nimadan noliyapsizlar?! Topayotgan daromadingizdan 1 tiyin soliq to‘lamay xalqning haqiga xiyonat qilayapsizlarmi, o‘sha 5 daqiqa kechikish evaziga qaysidir amaldorning «korporotivka»da do‘q urishigayam chidashga mahkumsizlar.

Ana shunday, soliq to‘lamay huquqbuzarlik qilayotganingizga, birovlarning tayyor ashulalarining kuyi-yu, ohangini o‘g‘irlab, o‘g‘irlik qilayotganingizga anavi tegishli davlat organlari panja orasidan qarab turgan ekan, ko‘rmayotganga (va eshitmayotganga) olayotgan ekan, siz ham bermayotgan pulini ko‘rmaganga, do‘q-po‘pisalarini eshitmaganga oling-da. «Sizdan ugina, bizdan bugina» bo‘lyapti axir! Chunki agar hammasi chet eldagidek qonuniy ishlab boshlasa... qidira-qidira o‘zbekcha ibora topolmadim, lekin aniq tushunasizlar: «malo ne pokajyetsya».

Foto: O‘zbeknavo

Ilgarigi artistlar chindan ham xalq orasida hurmatli bo‘lgan, ular xalqqa chinakam xizmat qilgan, otarchilar ham ularning qo‘shiqlarini aytgan, artistlarimizning o‘zlari to‘ylarga yurishmagan. Buni yig‘ilishda G‘ulomjon Yoqubov ham aytdi. Hozirgilar esa falon ming dollarga to‘yga borib, xalqqa xizmat deyishyapti. Buni «xalqim»ga emas, «xalqum»ga xizmat, desa yarashadi.

Shuning uchun hurmatli «san'atkorlarimiz», sizlarning vazifangiz — chaqirilgan joyda sahnaga chiqib qo‘shiqni aytib, ketishdangina iborat bo‘lishi kerak. Umuman gapirmasligingiz kerak. O‘sha «aqlli» intervyularingizni ham tanish jurnalistlaringiz nomingizdan chiroyli qilib yozib yuraverishsin. Majlislarda-ku umuman gapirmang. Og‘zingizni ochsangiz — bas, qandayligingizni bildirib qo‘yasiz.

Shuhrat Shokirjonov

Top