11:45 / 08.06.2017
5232

Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Kobuldagi xalqaro uchrashuvda ishtirok etdi

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston poytaxtida o‘tkazilgan «Kobul jarayoni» xalqaro uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati ma'lum qildi. 

BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi yordamida Afg‘oniston tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda 20 dan ortiq davlat, jumladan, qo‘shni mamlakatlar delegatsiyalari ishtirokida Afg‘oniston, mintaqa va jahondagi xavfsizlik, terrorizm tahdidi muammolari hamda Afg‘onistondagi kurashayotgan tomonlarni murosaga keltirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasini Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani qabul qildi.

Shuningdek, Afg‘oniston prezidentining infratuzilmalar, kadrlar resurslari va texnologiyalar bo‘yicha katta maslahatchisi Humoyun Qayumiy, qishloq xo‘jaligi va rivojlanish masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Abdul Hamid Helmondiy, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmar, MDH mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili Shokir Korgar, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Hikmat Xalil Karzay bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Top