14:04 / 09.06.2017
4786

Dushanbeda voyaga yetmaganlarning tunda ko‘ngilochar maskanlar va internet-kafelarga kirishi taqiqlandi

Dushanbe hokimi Rustam Emomali voyaga yetmaganlarning tungi vaqtda ko‘ngilochar markazlar va internet-kafelarga kirishini taqiqladi. 6 iyun kuni shu mazmundagi qaror qabul qilindi. Qaror voyaga yetmaganlarning manfaatini himoya qilish, ular tomonidan qonunbuzarliklar sodir etilishining oldini olish hamda Tojikiston prezidenti farmonlarini bajarish maqsadida imzolangan. Bu haqida hokimning matbuot xizmatida xabar berildi. 

R.Emomali poytaxtdagi barcha ko‘ngilochar markazlar va internet-kafelarga kirishda taqiqlov e'lonini osib qo‘yishni talab qildi. 

Ta'kidlash joizki, endi ko‘ngilochar maskanlar va internet-kafelarga kirishda pasport va shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni ko‘rsatish kerak bo‘ladi.

Hokim Tojikiston IIVning Dushanbe boshqarmasiga tungi vaqtlarda ko‘ngilochar markaz va internet-kafelarga kiradigan voyaga yetmaganlarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishni, shuningdek bolalarning ota-onalarini tegishli javobgarlikka tortish vazifasini topshirdi. 

"Barcha fuqarolardan 20 yoshga yetmagan bolalarning tungi vaqtda ko‘ngilochar markazlarga borishini taqiqlashni so‘raymiz", - deyiladi IIV saytida. Manbaga ko‘ra, taqiqlovda soat 18:00dan keyingi vaqt nazarda tutilgan.

IIV saytiga ko‘ra, o‘tkazilgan tekshiruvlar har kuni tunda birgina Dushanbening o‘zida yuz nafargacha bo‘lgan o‘smirlar shunday maskanlarda bo‘lishini ko‘rsatgan. "Ota-onaning e'tiboridan chetda qolayotgan bolalar qonunga qarshi xatti-harakatlarni amalga oshirishmoqda", - deb hisoblashadi vazirlikda. Yuqoridagi talablar bajarilmagan taqdirda ota-ona javobgarlikka tortiladi, deya ogohlantirmoqda IIV.

Top