22:12 / 09.06.2017
12702

Ijtimoiy sohani rivojlantirishda kuzatilayotgan ayrim muammolar 

2017 yilning 9 iyun kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Aholi bandligini ta'minlash, ijtimoiy va ta'lim tizimidagi obektlarni kapital ta'mirdan chiqarish, arzonlashtirilgan uy-joylar qurilishi kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Majlisda vazirlik va idoralar rahbarlaridan tashqari, viloyat xokimliklarining mutasaddilari, jamoat tashkilotlari vakillari, senatorlar va deputatlar ishtirok etdi. Bunday keng ko‘lamda qilingan ishlar yo‘l qo‘yilayotgan sustkashliklarni ochiq oydin muhokama qilib, joyida muammolarga tezkor yechim yo‘llarini topish, taklif va tashabbuslar kiritish imkonini berdi. 

Komissiya tahliliga ko‘ra, dastlabki besh oy davomida ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida belgilangan vazifalar ba'zi yo‘nalishlarda ancha oqsoqlanib qolmoqda. Mutasaddilarning bu muammolarga jiddiy qarashi, hisobot davrini kutmasdan, oldindan vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qilishi kerakligi ta'kidlandi.

Maktab va kollejlar, tibbiy muassasalar va ijtimoiy obektlar kapital ta'mirlanishi, qurilish va rekonstruksiya masalalarida ham bir qancha muammolar bor. Buning sabablari, qanday choralar ko‘rilayotgani va qanday takliflar bor, degan savollarga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari, Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, hokimiyatlar vakillari javob berdi.

Aholini arzonlashtirilgan uy-joylar bilan ta'minlash, xususan, 2017 yil davomida 15 ming turar joy uylarini barpo etish masalasi jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 1 iyunga qadar mamlakat bo‘ylab 13 mingta uy-joylar faqat poydevor qo‘yish bosqichida turibdi. 

Shu bilan birga, avval qurib topshirilgan ba'zi uylarning sifati, infratuzilmasi – ichimlik suv, elektr ta'minoti, tabiiy gazning yetishmasligi, ichki yo‘llar masalalari aholining murojaatlariga sabab bo‘lmoqda. Bu borada hujjatlarning vaqtida tayyorlanmasligi, moliyalashtirish va umuman qurilish sohasini rivojlantirishdagi to‘sqinliklar o‘rtaga qo‘yildi.

Aytish joizki, muhokamalar aybdorlarni izlash emas, balki masalalarning ochiq-oydin o‘rtaga olib chiqilishi, sabablari aniqlanishi, to‘siqlarni oldini olish va muammolarni hal etish yo‘llarini izlashga qaratildi.

Komissiya qoshida 5 ta kichik komissiyalar tashkil etib, tezkor ravishda jarayonni o‘rganish va yechimlar topish borasidagi taklif qo‘llab-quvvatlandi. Yaqin orada har bir yo‘nalish bo‘yicha “yul xaritalari” va dasturlar ijrosi bo‘yicha aniq rejalar tasdiqlanishiga kelishib olindi.

Top