15:10 / 09.06.2017
9506

Putin terrorizmga qarshi kuchlarni birlashtirishga chaqirdi

Foto: © RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ShHT sammiti vaqtida ishtirokchi davlatlar rahbarlariga qarata terrorizmga qarshi birgalikda kurashish zarurligi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorizm bilan kurash kompleks xarakterga ega bo‘lishi va barcha mamlakatlar konstruktiv birlashish yo‘lidan bormog‘i lozim.

Rossiya prezidenti chegaralarning xavfsizligini ta'minlash ShHT faoliyati uchun muhim hisoblanishi, ayni kunda «terrorizm va ekstremizmning yangi to‘lqini» tashkilot oldiga muhim vazifalar qo‘yishini ta'kidlagan.

«Avval ham bir necha marta aytganimdek, bu yovuzlikka qarshi faqat barcha kuchlarni birlashtirgan holda qat'iy va halol kurashish mumkin. Terroristlarga qarshi kurash murosasiz ruhda bo‘lishi kerak», — degan Putin.

U terrorizm g‘oyalariga qarshi kurash davomida bunday g‘oyalarning kelib chiqishining ijtimoiy va iqtisodiy sabablarini o‘rganish, bunda esa ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining ahamiyati ortishi haqida qo‘shimcha qilgan.

Top