19:44 / 10.06.2017
85884

Buxoroda “Ofat” laqabli firibgar ayol qo‘lga olindi

Buxoro viloyati hududida o‘tgan ikki hafta mobaynida 34 ta o‘g‘rilik va 32 ta firibgarlik jinoyatlari boshqa turdagi jinoyatlarga nisbatan ko‘p qayd qilingan, deb xabar berdi Kun.uz’ga Buxoro viloyati IIB Matbuot xizmati

Taassufki, aynan shu kecha kunduzda fuqarolarimiz orasida birovni aldash, ishontirish orqali uning mol-mulkini qo‘lga kiritayotgan, “ishga joylashtiraman, o‘qishga kiritaman, mashina yoki uy sotib olishingizda ko‘maklashaman, chet elga ishga yuboraman kabi va'dalar berib, ishonuvchan va sodda odamlarimizni bir zumda aldab, ularning jabrlanib qolishlariga sababchi bo‘layotgan firibgar kimsalar safi kengaymoqda.

2017 yilning 2 iyun kuni Buxoro viloyat IIB O‘z xavfsizligi bo‘limiga fuqaro Gulbahor Qurbonova murojaat qilib, o‘z arizasida 2017 yil 01 iyun kuni “Ofat” ismli tanishi bilan uchrashganida, fuqarolik pasportining amal qilish muddati o‘tib ketganligini va pasporti hech qayerga ro‘yxatga qo‘yilmaganligi sababli pasportini almashtirishning imkoni bo‘lmayotganligini bildirganida, “Ofat” ismli ayol 200 AQSh dollari va   30.000 so‘m pul evaziga uning ishini viloyat IIB Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlari orqali hal qilib berishini aytib, uni pora berishga qiziqtirganligini bildirgan.

Fuqaro Qurbonovaning arizasi yuzasidan Boshqarma O‘z xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir jarayonida, fuqaro Qurbonovaga “Ofat” ismli ayolga nazorat tartibida yetkazib berish uchun berilgan 200 AQSh dollari va 30 ming so‘m pullarni Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi ma'muriy binosining yonida “Ofat” ismli ayolga  berganidan keyin, go‘yoki bu pullarni bo‘limda unga tanish bo‘lgan xodimga kiritib berish uchun  ma'muriy binoning ikkinchi qavatiga chiqib qaytib tushgan vaqtida ushbu ayol to‘xtatilib uning shaxsiga aniqlik kiritilganida, 1974 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan, G‘ijduvon tumani Dilkusho ko‘chasi 47-uyda yashovchi Subhonova Sharofat Dushamovna ekanligi aniqlanib, u bilan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida u fuqaro Qurbonovaga pasportini almashtirib berish va doimiy ro‘yxatga qo‘yishga yordam berishni va'da qilib 200 AQSh dollari va 30.000 so‘m pullarni olganligini tan oladi. Unga nazorat tariqasida berilgan 200 AQSh dollari va 30.000 so‘m pullar xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Albatta, sodir etilgan har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik, jinoyat uchun jazo muqarrar.

Ammo, shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish joizki, aksariyat hollarda firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolishda ayrim ishonuvchan va sodda fuqarolarimizning o‘zlari sharoit yaratib berayotganliklari, ko‘r-ko‘rona, mo‘maygina daromad ilinjida quruq va'dalar ortidan ergashib, yetti yot begona kishiga bir zumda ishonib, bor-bisotini qo‘sh-qo‘llab topshirishlari ularga huquqiy bilimning yetishmasligidan darak beradi.

Top