11:00 / 11.06.2017
18920

«Yevropaga shon-sharaflar bo‘lsin!» - Poroshenko YeI bilan vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilgani haqida e'lon qildi

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko tantanali ravishda mamlakat fuqarolari uchun Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz rejim boshlangani haqida e'lon qildi.

«Ukraina uchun vizasiz rejim ishga tushdi! Yevropaga shon-sharaflar bo‘lsin! Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin!», deya yozgan Poroshenko Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Ukrainadagi nashrlar ukrainlar uchun Yevropa davlatlariga borish qanchaga tushishini hisoblab chiqishgan. Ma'lum bo‘lishicha, ukrain Belgiyada bir kun bo‘lishi uchun 95 yevro, Germaniyada 45, Shvetsiyada 450 krona (47 yevro), Gretsiyada 60 yevro sarflashi kerak bo‘ladi. Ukrainada eng kam ish haqi miqdori 3 ming grivna (taxminan 110 yevro), o‘rtacha ish haqi miqdori esa 6,7 ming grivna (taxminan 230 yevro) hisoblanadi.

Hozirda YeI tarkibidagi bir qancha davlatlar Ukrainadan mehnat muhojirlari yopirilishidan xavfsiramoqda. Hozircha, eng ko‘p ukrainalik mehnat muhojirlari qo‘shni Polshada. Ammo ular endi Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham borishlari mumkin bo‘ladi.

Financial Times ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilda 1,3 millionga yaqin ukrainalik Polshada vaqtincha ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tgan. 115 mingdan ortiq ukrainalik uzoq muddatga ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. 2013 yildan buyon ko‘rsatkichlar 6 baravar o‘sgan.

Viza rejimini liberallashtirish bo‘yicha muloqot 2008 yilda boshlangandi. 2010 yil noyabrida YeI Ukraina bajarishi kerak bo‘lgan shartlarni ma'lum qilgan, 2015 yilda esa bu shartlar bajarilganini tasdiqlagandi. Avvaliga Kiyevga vizasiz rejim o‘tgan yil oxirida taqdim etilishi kutilgandi, ammo Bryussel bu masalani bir necha martda ortga surdi.

17 may kuni Strasburgda YeI va Ukraina o‘rtasida vizasiz rejim to‘g‘risidagi qonunni imzolash marosimi bo‘lib o‘tgandi. Hujjatga Yevroparlament rahbari Antonio Tayani va YeI Kengashida raislik qilayotgan Malta davlati IIV rahbari Karmelo Abela qo‘l qo‘yishgandi.

Hujjatga ko‘ra, Ukraina fuqarolari Shengen hududi davlatlari, shuningdek, Islandiya, Lixtenshteyn, Norvegiya va Shveytsariyada yarim yil ichida 90 kun davomida bo‘lishlari mumkin. Shu bilan birga, vizasiz rejim YeIda ishlash yoki o‘qishga ruxsat bermaydi.

Ukrainaliklarga chegaradan kesib o‘tish paytida biometrik pasport kerak bo‘ladi, shuningdek, o‘z yonida qaytish chiptasi, mehmonxonadan xona olinganini tasdiqlovchi ma'lumot, qarindoshlardan taklifnoma, tibbiy sug‘urta va YeIda har kuni bo‘lish uchun kamida 45 yevroga ega bo‘lish tavsiya etilmoqda.

Mavzuga oid
Top