23:20 / 12.06.2017
8692

Dayverlar uchun suvosti droni namoyish etildi (foto+video)

"Nemoni izlab" multfilmidagi baliqlarni yodga soluvchi ixchamgina BIKI suvosti droni odamlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu robotning harakatlari dumli suzgich yordamida amalga oshiriladi. U baliqlarni cho‘chitib yubormaslik uchun rotor analoglarga nisbatan sekinroq harakatlanadi. Kickstarter shu haqdagi maqolasi bilan bo‘lishdi. 

BIKI soniyasiga 0,5 metr tezlikda harakatlanib, 60 metrgacha chuqurlikda ishlay oladi. U 10 metrgacha bo‘lgan masofada pult yoki Android va iOS operatsion tizimdagi smartfon ilovalari orqali boshqariladi.

Dron belgilangan yo‘nalishda mustaqil suza oladi, shu bilan birga yo‘lida paydo bo‘lgan to‘siqlarni chetlab o‘tishga qodir, ularni aniqlash uchun qurilma maxsus datchik bilan jihozlangan. Hatto aloqa uzilib qolsa ham, BIKI droni GPS-moduli yordamida start nuqtasiga qayta oladi. Korpus tebranishlarini kompensatsiya qilish uchun mexanik barqarorlik tizimi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek BIKI suv ostida 4K-videolarni tasvirga olish imkonini beruvchi maxsus fonarchalar bilan ta'minlangan. Xotira hajmi - 32 Gb, akkumulyator 1,5-1 soatlik faoliyatni ta'minlaydi. 

BIKI oq-qora ranglarda taqdim etildi, ammo kelgusida ranglar palitrasini kengaytirish rejalashtirilgan. Ushbu gadjyetni 1000 dollarga qo‘lga kiritish mumkin, biroq Kickstarter'da buyurtma berish ancha arzonga - 600 dollarga tushadi. Bu istiqbolli loyihaga qiziqish shu qadar kuchliki, uni ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan 20  ming dollarning o‘rniga to‘rt karra ko‘p mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘lingan. 

BIKI droni suv ostidagi jonivorlarni kuzatuvchi olimlar, shuningdek razvedkani maqsad qilgan harbiylar uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Aslida esa dron dayverlar va dam oluvchilarga mo‘ljallangan.

Top