18:26 / 12.06.2017
12753

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan telefon muloqoti o‘tkazdi

12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston rahbari Ostona shahrida joriy yilning 8-9 iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar yetakchilari Kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Alohida ta'kidlanishicha, Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tgan sammit ShHT faoliyatini rivojlantirishda tarixiy hodisa bo‘ldi. Uning eng asosiy natijalaridan biri sifatida Hindiston va Pokistonni Tashkilotga to‘laqonli a'zolar sifatida qabul qilinishi tilga olindi. ShHT doirasida faol o‘zaro harakatlarni davom ettirish muhimligi ta'kidlandi.

O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston tomonini «Ostona EKSPO - 2017» Xalqaro ko‘rgazmasining yuqori darajada tashkillashtirilgani munosabati bilan tabrikladi va tadbirni o‘tkazishda muvaffaqiyat tiladi. Ushbu ko‘rgazma mintaqa davlatlari rivojiga yuqori texnologiyalar va sarmoyalar jalb etishiga turtki berishi aytildi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik, xalqaro va mintaqaviy siyosatga aloqador boshqa dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqishdi.

Top