17:55 / 13.06.2017
72388

“Eronga nega bordik?”: Tohir Malik haq ekanligini isbotlash uchun (mi?)

Cho‘zib, uzundan-uzoq maqola yozishni yomon ko‘raman. Terma jamoa yutqazganining asl sabablari, futbolimizni bu darajada pasayib ketishiga tizimning qay jihati aybdor ekanligini barchaga boshidan tushuntirishimni hojati yo‘q, menimcha. 

Meni oddiy savol qiynaydi: “Eronga nega bordik?”. Savol yangi savolchalar tug‘diradi: “Sergeyevni maydonga tushirishdan maqsad nima edi, Hoshimovnichi?”. Qisqasi, 90 daqiqalik o‘yinga 90 ta savolim bor.

O‘yinni ilk daqiqalaridan maydonda nima qilishini bilmayotgan O‘zbekiston termasini ko‘rdik. To‘g‘risi, maydonga tushgan MTJ va uning yigitlari - nega va ne maqsadda “Ozodiy”ga borganini bilmay qaytib kelishdi, chog‘i. Birorta maqsadli kombinatsiya, reja yo‘q ekanligini oddiy muxlis ham sezdi-yovv... O‘rta chiziq to‘pni qabul qilib, bu zang‘ar koptokni nima qilishini bilmasa, himoyachilar: “Uzoqqa ketgani ma'qul” deb to‘g‘ri kelgan tomonga tepadi. Hujumchilar harakati esa umuman askiyachilarga tayyor mavzu bo‘ldi. UChTA HUJUMChIMIZ 90 DAQIQA DAVOMIDA BIROR MARTA HAM RAQIB DARVOZASI TOMON ZARBA BeRA OLMADI! Aytingchi, mana shunday jamoa to‘g‘risida: “Eronga bemaqsad borgan terma”, degan maqola yozishga haqlidirman? Bu safar, tilimni burro-burro qilib tahliliy maqola yozish niyatim yo‘q. Chunki, Babayan termasi bunga arzimaydi ham.                  

Kechagi Eron shu paytgacha ko‘rganlarimdan farq qilmaydi. Qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, millionlab muxlislar nomidan aytishim mumkin: “Abramov va Qosimov davri ya'ni oxirgi yillarda bizning terma eronliklardan kuchsiz emas edi”. Eron termasi jismoniy jihatdan kuchli, tarkibida Yevropada o‘ynaydigan bir qator o‘yinchilar bo‘lgani bilan hech qachon bizning termadan BIR BOSh baland bo‘lmagan. 

Abramov murabbiy bo‘lgan paytdagi o‘yinni eslang. Raqibni bosimda ushlashni zo‘r eplaydigan Vadim Karlenovichni jamoasi 89 daqiqa Eronni o‘z jarima maydonida qamalga olgandi. So‘ngi soniyada omad oti yolidan ushlab olgan forslar yutib ketishganida ham hech kim Abramovni ayblamagan. Chunki, terma o‘yinida mazmun va ma'no bor edi-da. Qosimovku, forslarga “Ozodiy”da dars bergan.

Keyrush termasini yutish mumkin ekanligi ilk daqiqalardan bilinib turdi. Izchillik yo‘q Karloshni jamoasida. Chiziqlardagi bog‘lanish ham haminqadar. Paslardagi xatolarniku qo‘yavering. Eron termasi avvaliga biznikilardan cho‘chib o‘ynagan bo‘lsa, keyinchalik Babayan shogirdlarining shashti pastligini sezib hujumga o‘tishni boshlashdi. Ular bildiki, bu o‘tgan yillardagi O‘zbekiston termasi emas! O‘yinchilarning texnikasi va tezligi deyarli bizning  terma bilan bir xil bo‘lgan Eron bittagina omil, ya'ni – MURABBIY evaziga yutdi.

Ishqilib, kechagi o‘yinni yurtimizdagi barcha futbol maktablari, internatlari va akademiyalari videoyozuvga olgan bo‘lsin. “Nega?” deysizmi?  Kechagi o‘yin videosidan bemalol: “Ma'nisiz futbol qanday bo‘ladi?” degan qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin.  To‘qson daqiqa ichida biror marta yurakni “jiz” ettiradigan fint yoki kombinatsiya ko‘rmabmiz, qarang...                           

Termaning futbolchilari o‘yinini bir-bir tahlil qilish befoyda. Chunki, turnir jadvali ularning kim ekanligi ko‘rsatib turibdi. 

Har narsaning hatto quyoshning ham tik nuqtasidan tushish payti keladi. Endi ko‘zni chirt yumib, Denisov, Rashidov va Ismoilovdan boshqa hammasiga javob berib yuborish payti keldi. Haydarov, Jyeparov, Ahmedov, Geynrix  futbolimiz uchun juda katta ish qilib berishgani aniq. Endi maydonni Hamdamov, Musayev, Ashurmatov singari yoshlarga bo‘shatib berish lozim. Saralashni qolgan o‘yinlarida mana shu murabbiy va mana shu tarkib va xuddi shu taktika bilan davom ettirsak, ahvol shundayligicha qoladi. 

Yozuvchimiz Tohir Malik o‘tgan yilgi bir anjumanda futbolchilarimiz haqida ikki og‘iz gap aytgandilar. To‘g‘risi,  o‘sha gaplar menga erish tuyulgandi. Baribir buyuklar buyuk-da! Og‘alar to‘g‘ri gapiradi. 

Tohir Malik haq ekan.     

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid
Top