10:30 / 13.06.2017
140793

Samarqand viloyati hokimi nega ishdan olindi?

12 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasining 2017 yil birinchi yarmida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi.

Yig‘ilish davomida Himmat Oqbo‘tayev Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.

Prezident hududlarni rivojlantirish borasida davlat organlarining o‘rni va mas'uliyati haqida so‘z yuritar ekan, o‘tgan haftada Samarqand viloyatiga tashrifi davomida (davlat rahbari 10 iyun kuni Samarqand viloyatida bo‘lgandi) ayrim rahbarlarning befarqligi va harakatsizligi oqibatida bu hududda juda ko‘plab jiddiy muammolar to‘planib qolgani ma'lum bo‘lganini qattiq tanqid qildi. Ayniqsa, viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, viloyat idoralari rahbarlari o‘rtasida amaliy va sog‘lom munosabatga putur yetgani Samarqandning bugungi taraqqiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

«Viloyat hokimining jamoatchilik va rahbarlar fikrini inobatga olmasdan ish tutishi, ijrochilar oldiga sayoz o‘ylangan vazifa va topshiriqlarni qo‘yishi, unda jur'at va tashabbuskorlik, mas'uliyatni dadillik bilan o‘ziga olish fazilatlari yetishmasligi hozirgi vaqtda viloyatda o‘ta jiddiy va dolzarb vazifalarni hal etish imkonini bermayapti. Xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot mavjud emas, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarda uzilish paydo bo‘lgan», – deya qayd etgan prezident. 

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hududda barpo etilayotgan obektlarni qurish, investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish ishlari oqsamoqda, eksportga chiqariladigan mahalliy mahsulotlar hajmini ko‘paytirish ta'minlanmayapti. 

«Shahar va tumanlarda obodonchilik, odamlar uchun qulay, toza-ozoda muhit yaratish masalalari ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Viloyat moliya va soliq idoralari soliq bazasini kengaytirish imkoniyatlarini izlash va ularni to‘liq ishga solish ishlari bilan yetarli darajada shug‘ullanmayapti. Ana shu muammolarni hal etish, bu yo‘lda butun Samarqand ahlini birlashtirish va o‘z ortidan ergashtirish uchun viloyat hokimi H.Oqbo‘tayevda bilim va salohiyat, rahbarlik tajribasi yetishmadi», – deya qayd etgan O‘zbekiston rahbari. 

Himmat Oqbo‘tayev 2016 yil 23 dekabridan viloyat hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. U bosh vazir o‘rinbosari hamda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlangan Zoyir Mirzayev o‘rnini egallagan edi.

Top