12:03 / 14.06.2017
62959

«Biz Pushkinni bilamiz». O‘zbekistonliklar fleshmob uyushtirib Navalniyga javob qaytarishmoqda

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy «Dojd» telekanalida Kseniya Sobchak bilan suhbatida o‘zbekistonliklar Aleksandr Pushkinni tanimasliklari haqida gapirgach, bu o‘zbekistonliklarning e'tirozlarini keltirib chiqardi.

Shu kunlarda O‘zbekistonda yashovchi turli millatlar vakillari, kattayu kichik internet orqali Navalniyning so‘zlariga javob qaytarishmoqda, bu o‘ziga xos fleshmobga aylangan.

Quyida ularning javoblari ifodalangan videoroliklar keltirilgan. O‘zbekistonliklar mashhur rus shoirining ijodi bilan barcha — yoshu qari tanish ekanligini bildirishmoqda.

Videoyozuv mualliflaridan biri Toshkent shahrida Pushkin ko‘chasi, Pushkin maydoni, shoirga atab qo‘yilgan haykal, uning nomi bilan ataluvchi metro bekati borligini eslatib o‘tgan.

«Sizlarning suhbatingizdan tushunishimcha, Kseniya, Qozonga yetib kelganingizdan so‘ng siz uchun dunyo tugaydi. Siz nohaqsiz. Aleksey Navalniy, O‘zbekistonda Pushkinni bilishmaydi, deganingiz uchun siz ham nohaqsiz. 

Mening bolaligim va o‘smirligim Pushkin ko‘chasida o‘tdi. Pushkin nomida xiyobon ham bor. Toshkentda esa , darvoqe, men Andijon shahridagi Pushkin ko‘chasida tug‘ilganman, poytaxtda esa Pushkin nomidagi metro bekati ham bor!!! Bu poytaxtimiz markazida. 

Keling, mehmon bo‘ling, odamlar qanday yashayotganligini ko‘ring, madaniyatimiz bilan tanishing, ma'naviy olamingizni sal bo‘lsa ham boyiting. O‘zbekistonda Pushkinni bilishmaydi deya o‘z savodsizligingizni namoyish etmang. Biz Pushkinni ham, Blokni ham, Yesenin va Mayakovskiyni ham, Lermontov va Griboyedovni, Gogolni ham, hammani bilamiz. Bolalikdan bilamiz. Marshakni ham, Jukovskiyni ham. Men uzoq sanashim mumkin. Siz esa biz haqimizda hech narsani, hech narsani bilmasliklaringizni isbotladingiz. Sizlarga omad tilayman. Keling, ko‘ring, mehmonimiz bo‘ling», — deydi muallif murojaatida.

Shuningdek ko‘plab bolalar Pushkinning mashhur she'rlarini yoddan o‘qib berishmoqda, katta yoshlilar Navalniy va Sobchakni O‘zbekistonga taklif etishmoqda.

Top