09:42 / 14.06.2017
9306

Toshkentda o‘z xolasinikiga talonchilarni yuborgan qiz ushlandi

Televizor ko‘rib o‘tirgan uy bekasi to‘satdan jiringlagan eshik qo‘ng‘irog‘idan bir cho‘chib tushdi. Televizor ovozini pasaytirib, eshik yoniga bordi. Sekingina “Kim?” deb so‘ragan edi, “Elektr idorasidanman. Qarzingiz bor ekan”, degan javobni eshitdi. Hayron bo‘lib eshikni ochdi. Ro‘parasida turgan yoshgina yigitga ko‘zi tushib, elektr energiyasidan hech qanaqa qarzi yo‘qligini aytdi. Yigit uyda undan boshqa yana kim borligini so‘radi. Ayol bir o‘zi ekanligini aytgan ham edi, yigit to‘satdan uning yuziga urib, ichkariga itarib yubordi. O‘zi ham yo‘lakka otilib kirib, yana bir marta urib, qorniga ham tepdi. Keyin bir qo‘li bilan bo‘g‘ib, baqirmasligi uchun ikkinchisi bilan og‘zini yopdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Xuddi shu payt yuzini niqob bilan yashirgan yana bir kimsa kirib keldida, eshikni ichkaridan yopdi. Ayolni bo‘g‘ib turgan yigit hozirgina kirgan sherigiga bekaning oyoq-qo‘llarini bog‘lash haqida buyruq berdi. U shu zahoti o‘zi bilan olib kirgan sumkadan arqon olib, ishga kirishdi. So‘ngra ikkovlon uyni tintishga kirishishdi. 700 AQSh dollari miqdoridagi tilla buyumlarni topib, sumkaga joylashdi. Ayoldan pullarni qayerga qo‘yganini so‘rashdi. U pullarini onasining uyiga olib borib qo‘yganini aytganidan keyingina, urib-so‘kkancha yana xonalarni tintib chiqishdi. Nihoyat, 100 ming so‘m topib, bir soat ichida pullarni ariq ichiga tashlab qo‘ymasa, bolalarini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, dag‘dag‘a qilishdi-da, juftakni rostlashdi.

Qo‘rquvdan es-hushidan ayrilayozgan ayol bir amallab qo‘llarini bo‘shatib, ichki ishlar idorasiga qo‘ng‘iroq qildi...

Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgach, ko‘p o‘tmay talonchilardan birining otasi voqeadan xabar topib, uni IIBga boshlab keldi. Shundan keyin jinoyatchilarning shaxsi ham aniqlandi. Ularning har ikkisi Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, Hakim Sobirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 27, Husniddin Sharipov 25 yoshda. Achinarlisi, ularni jinoyatga boshlagan kimsa esa jabrlangan ayolning jiyani – 1993 yilda tug‘ilgan Sevara Hoshimova bo‘lib chiqdi.

S.Hoshimova tanishi bo‘lgan H.Sobirovga xolasining uyida ancha-muncha pul borligini aytib, unga manzilini ham ko‘rsatadi. O‘z navbatida Hakim tanishi Husniddinni “yordam”ga chaqiradi. Ular uy atrofida aylanib, reja tuzishadi va qulay fursat keldi, deb hisoblashgach, ishga kirishishadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi har uchala sudlanuvchilarning qilmishlariga yarasha jazo tayinladi.

Top