23:02 / 15.06.2017
51455

Barcha viloyatlarda Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan iftorlik dasturxonlari yozildi

15 iyun kuni Toshkent shahrida "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusida videoselektor anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, "Nuroniy" va "Mahalla" jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta'lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Unda ijtimoiy-ma'naviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash vazifasi bugungi kunda qanday ulkan ahamiyat kasb etayotgani borasida so‘z bordi.

Shuningdek davlat rahbari barcha ulamolarni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan iftorlik dasturxonlariga taklif etdi. 

"Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan mamlakatimiz mustaqilligini barcha sohalarda mustahkamlash, xususan, muqaddas dinimizni tiklash, uning pokligini saqlash, jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik, millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirishda ulkan ishlar amalga oshirilganini barchamiz yaxshi bilamiz. 

Bugun, Olloh roziligi yo‘lida xalqimizning ulug‘ farzandi Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab yurtimizning barcha viloyatlarida iftorlik marosimlari tashkil etilmoqda.

Shu fursatdan foydalanib, siz, azizlarning barchangizni kechki payt “Navro‘z” majmuasiga taklif etishga ijozat bergaysiz. Tutgan ro‘zalaringiz dargohida qabul bo‘lsin", dedi davlat rahbari.

 Shu kuni yurtimizning turli hududlarida Birinchi Prezident xotirasiga bag‘ishlangan iftorlik dasturxonlari yozildi. Jumladan, Andijon shahridagi “Toshkent premium” restoranida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab iftorlik tashkil qilindi. Unda viloyatdagi faxriylar, diniy ulamolar, keng jamoatchilik vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar uchun dasturxon yozildi. Bu haqda "Kun.uz"ning Andijondagi muxbiri Elmurod Ermatov xabar berdi. 

Iftorlik avvalida so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov birinchi prezidentimiz tomonidan mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ezgu ishlar, yurtimizda muqaddas dinimizni sofligini saqlash borasida olib borilayotgan amallar haqida so‘zladi.  

Shuningdek Qur'on oyatlari o‘qilib, O‘zbekiston zaminda el farovonligi yo‘lida xizmat qilib o‘tganlar,  yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishini, xonadonlarimizda hamisha tinchlik hukm surishini tilab duolar qilindi.

Top