09:36 / 15.06.2017
8062

ShHT qarorgohi oldida Hindiston va Pokiston bayrog‘i ko‘tarildi

Foto: © RIA Novosti

Shanxay hamkorlik tashkilotining to‘laqonli a'zolariga aylangan Hindiston va Pokiston bayroqlarini tantanali ko‘tarish marosimi payshanba kuni tashkilotning Pekindagi kotibiyati binosi oldida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Hindiston bayrog‘i ShHT va Qozog‘iston bayroqlari orasidan joy olgan bo‘lsa, Pokistonniki – Qirg‘iziston va Rossiya bayroqlari o‘rtasida joylashdi.

Marosim ShHT tashkil topgan kunda bo‘lib o‘tdi.

"Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida to‘qqizinchi iyun kuni ShHT asoschi davlatlari yetakchilari tomonidan Hindiston va Pokistonni tashkilotga to‘laqonli a'zo sifatida qabul qilish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qilindi. Bugun ShHT kunida biz tashkilot qarorgohi yonida Hindiston va Pokiston davlat bayroqlarini tantanali ko‘tarish marosimiga yig‘ildik. Endilikda ShHT bayrog‘i yonida tashkilotga a'zo sakkiz davlat bayroqlari hilpirab turadi, ular tashkilot ruhiyati bilan birlashgan", - deya ma'lum qildi ShHT bosh kotibi Rashid Alimov marosimda.

Eslatib o‘tamiz, Ostona shahrida ShHTning navbatdagi sammiti 8-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tdi. ShHTga a'zo davlatlar yetakchilari 9 iyun kuni Hindiston va Pokistonni tashkilotga qabul qilish bo‘yicha qarorni imzolashdi. Shu tariqa, 2001 yilda O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilari tomonidan tashkil etilgan tashkilot sakkiz davlatga qadar kengaydi.

Top